Milliy yozuvimizni takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan islohot alohida ahamiyatga ega.
Ushbu jarayon ona tilimizni rivojlantirish, milliy yozuvimizni zamon talablari asosida takomillashtirish va uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasidagi sa’y-harakatlarning muhim davomi, deb hisoblayman.
Til – millatning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi va o‘zligini namoyon etuvchi bebaho boylikdir. Alifbo esa ana shu boylikni yozuv orqali ifodalash, avlodlardan-avlodlarga yetkazish hamda ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga xizmat qildirishning asosiy vositasidir. Shu bois yozuvni takomillashtirish masalasiga faqat harflar shaklidagi o‘zgarish sifatida emas, balki tilimizning zamonaviy hayotdagi o‘rni va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim jarayon sifatida qarash lozim.
Yangi alifboda ayrim harflar shaklining o‘zgarishi, xususan, Oʻ va Gʻ harflarining Ö va Ğ, Sh va Ch harf birikmalarining esa Ş va Ҫ shakllarida ifodalanishi yozuvimizdagi ayrim texnik noqulayliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Bunday o‘zgarishlar, ayniqsa, elektron matnlar bilan ishlash, axborot almashish, raqamli platformalarda o‘zbek tilidan foydalanish va yozuvning yagona standartlarini shakllantirish nuqtai nazaridan muhimdir.
Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida davlat tilining zamonaviy axborot muhitida to‘laqonli qo‘llanishi katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbek tilining elektron tizimlar, dasturiy mahsulotlar, ma’lumotlar bazalari va sun’iy intellekt texnologiyalarida keng qo‘llanishi uning imkoniyatlarini yanada oshiradi. Shu ma’noda, alifboni takomillashtirish tilimizning zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un rivojlanishi uchun ham muhim zamin yaratishi mumkin.
Albatta, har qanday islohotning samarasi uning puxta tashkil etilishi va xalqimiz uchun qulay tarzda amalga oshirilishiga bog‘liq. Yangi alifboga o‘tish jarayonida ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarning tayyorgarligi, yagona imlo me’yorlarining izchil qo‘llanishi, aholiga tushuntirish ishlarining olib borilishi muhimdir. Eng asosiysi, bu jarayon fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirmasligi, amaldagi hujjatlar va axborot tizimlaridan foydalanishda tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi zarur.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi uchun ham davlat tilining nufuzini oshirish, aholining huquqiy va ma’naviy madaniyatini yuksaltirish, ta’lim sifatini rivojlantirish hamda zamonaviy bilimlarni egallash uchun qulay sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, alifbo islohotining maqsad va vazifalarini keng jamoatchilikka tushuntirish, ayniqsa, yoshlar orasida ona tiliga hurmat va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash dolzarb vazifalardan biridir.
Ishonamanki, yangi alifboni hayotga izchil va puxta tatbiq etish orqali o‘zbek tilining yozma ifoda imkoniyatlarini kengaytirish, uning raqamli makondagi mavqeini mustahkamlash hamda kelajak avlodga yanada qulay va takomillashgan yozuv tizimini yetkazish yo‘lida muhim natijalarga erishish mumkin.
Zero, ona tilini e’zozlash, millatni e’zozlashdir. Uni rivojlantirish, zamon bilan hamnafas qilish va kelajak avlodga boy ma’naviy meros sifatida yetkazish esa barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.
Sharipa Toreshova,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari.
O‘zA