Milliy tabiat bog‘ida tabiatsevarlar bilan uchrashuv
Surxondaryo viloyatidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i xodimlari hamda jamoatchilik faollari 11 yanvar –Xalqaro qo‘riqxonalar va milliy tabiat bog‘lari kuni munosabati bilan Sariosiyo tumanidagi 46- maktabning tog‘lar qo‘ynidagi Kundayjuvoz qishlog‘i filialida mazkur sanaga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etdi.
Qishloq odamlari, ta’lim muassasasi o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda hududdagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ini tashkil etishdan maqsad hamda uning asosiy vazifalari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Tabiat bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va ona tabiatni asrab-avaylashning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida ma’lumot berildi.

—Ochiq muloqot ishtirokchilari, shuningdek, hayvonot va nabotat olamiga boy bog‘imiz hududida uchraydigan qo‘ng‘ir ayiq, qor qoploni, silovsin, bo‘ri, tulki, sibir tog‘ echkisi, to‘ng‘iz, jayra va boshqa tur jonivorlar hamda o‘simlik dunyosi xususida yetarli tushunchalarga ega bo‘ldi, –¬deydi milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarov.–-So‘nggi paytlarda ko‘p qo‘llanilayotgan “Qo‘riqxona”, “Tabiat bog‘i”, “Rekreatsiya”, “Brokoner”, “Yashil makon” singari tabiat olami bilan bog‘liq so‘zlar haqidagi savollariga javob oldi.

“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligining 27 ming 851 gektar maydonida tashkil etilgan. Muhofaza etiladigan bog‘da “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob jonivorlar, qushlar, daryolarida qizil farel baliqlar, turli dov-daraxt va shifobaxsh o‘simliklar, rang-barang gullar qo‘riqlanib, ko‘paytirilmoqda.
Xalqaro qo‘riqxonalar va milliy tabiat bog‘lari kuni 1997 yil Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish markazi va Butunjahon yovvoyi tabiat fondi tashabbusi bilan joriy etilgan.
Tadbir yakunida qatnashchilarga tabiat bog‘ida uchraydigan hayvonlar tasvirlangan tarqatma materiallar taqdim etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri