Milliy tabiat bog‘i hududida biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Markaziy Qizilqum milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan cho‘l hududida havoning keskin sovib ketishi sababli tabiatdagi yovvoyi hayvon va qushlarni oziqlantirish maqsadida sun’iy ozuqa maydonchalari yaratilib, ozuqa sifatida yem-xashak mahsulotlari qo‘yib chiqilmoqda.
Markaziy Qizilqum milliy tabiat bog‘i yurtimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni, o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob hamda yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolish va ularni qayta tiklash maqsadida Prezidentimizning 2022 yilning 16 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.



– Milliy tabiat bog‘ining umumiy maydoni 1,2 million gektar bo‘lib, qo‘riqxona, rekreatsiya va xo‘jalik maqsadida foydalanish zonalaridan iborat, – deydi “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i direktori Jaloliddin Mamanazarov. – Hayvonot olami populyatsiyasi va populyatsiya dinamikasini aniqlash maqsadida har yili mavsumiy – bahor va kuz oylarida monitoring ishlari olib boriladi. Bugungi kunda Milliy tabiat bog‘ida sut emizuvchilarning 19 turi, qushlarning 33 turi, sudralib yuruvchilarning esa 9 turi uchraydi. Sudralib yuruvchilarning 3 ta, qushlarning 20 ta va sut emizuvchilarning 9 ta turi “Qizil kitob”ga kiritilgan.
Milliy tabiat bog‘ida biotexnik tadbirlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri