Milliy standartlarning xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashish darajasi 28,6 foizdan 30 foizga yetkaziladi
AOKAda o‘tkazilgan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov ishtirokidagi brifingda Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi o‘ziga xos islohotlar, mahsulot sifati va eksportini rivojlantirishda standartlarning ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– Xabaringiz bor, joriy yilning 10 oktyabr kuni mamlakatimiz Prezidenti huzurida texnik tartibga solish sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimot jarayonida Prezidentimiz tomonidan milliy mahsulotlarimizning sifatini ko‘tarish, eksport imkoniyatlarini oshirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda sohaga ilmiy innovatsion g‘oyalarni olib kirish va xodimlar malakasini oshirish kabi ko‘plab vazifalar belgilab berildi, – dedi A.Rasulov. – Mazkur vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish va milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar talablariga moslashtirish bo‘yicha bir qator ishlar bajarilmoqda.
Jumladan, texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro tajriba va Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiqlashtirish maqsadida 340 ta xalqaro standart qabul qilinib, milliy standartlarning xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashish darajasi 28,6 foizdan 30 foizga yetkaziladi hamda mahsulot xavfsizligiga doir 23 texnik reglament qabul qilinadi.
Shuningdek, xalqaro menejment tizimi standartlari 478 ta korxonaga joriy etilib, korxonalar soni 1575 taga yetkaziladi. Xalqaro tashkilotlar grant va texnik ko‘maklarini faol jalb etish orqali 50 nafar mutaxassisning bilim va ko‘nikmalari oshiriladi. Mahalliy sanoat korxonalarida, soha yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan bilim va ko‘nikmalari oshirilgan mutaxassislar soni 2733 nafardan 3500 nafarga yetkaziladi. Zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish maqsadida Koreyaning grant mablag‘lari hisobiga “Havo konditsioneri”ning energiya samaradorligini baholash hamda elektr jihozlarning qobig‘ini himoyalanganlik darajasini aniqlovchi laboratoriyalar tashkil etiladi. Shuningdek, avtotransport vositalarining pnevmatik shinalarini tezlik va yuklamaga bardoshlilik ko‘rsatkichini aniqlash sinov laboratoriyasi foydalanishga topshiriladi. Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida GMO va mikrobiologik ko‘rsatkichlarni aniqlash yo‘lga qo‘yilib, sinov laboratoriya ko‘rsatkichi 1262 taga yetkaziladi.
Metrologiya yo‘nalishida esa, milliy etalonlar bazasini takomillashtirish bo‘yicha tasdiqlangan davlat dasturi doirasida xarid qilinayotgan yangi milliy etalonlar uchun xalqaro talablarga javob beradigan maxsus laboratoriyalar majmui – etalonlar binosi foydalanishga topshiriladi.
Xalqaro talablarga asosan ilk bor standart namunalarni tayyorlovchi laboratoriya tashkil etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “UZINFOCOM – yagona integrator” bilan hamkorlikda “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi ishga tushiriladi. Amalga oshirilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida sohani xalqaro darajada yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha 2025 yilga bir qator asosiy vazifalar belgilab olindi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA