Milliy san’atimiz fidoyisi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Botir Zokirov – milliy san’atimiz fidoyisi» respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlovda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi tasarrufidagi bolalar musiqa va san’at maktablari hamda tuman madaniyat markazlarida tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar, o‘qituvchilar va to‘garak rahbarlari o‘z tasviriy asarlari bilan faol ishtirok etdi.
Milliy estrada san’atimizning asoschisi va porloq yulduzi, ustoz san’atkor Botir Zokirov ijrosidagi qo‘shiqlar xalqimizning ko‘ngil mulkiga aylangani bilan ahamiyatlidir. Betakror ovoz sohibi ijrosidagi qo‘shiqlar nainki mamlakatimizda, balki O‘zbekistonimizdan olislarda ham muxlislar tomonidan hamon sevib tinglanadi.
Ustoz serqirra ijodkor bo‘lgani san’at muxlislariga yaxshi ma’lum. Botir Zokirovning mohir musavvir sifatidagi iste’dodi uning yorqin kartinalari, insonning ichki kechinmalari, tuyg‘ularini ochib beruvchi portretlari, manzara janridagi asarlarida ko‘proq namoyon bo‘lgan edi.
«Botir Zokirov – milliy san’atimiz fidoyisi» nomli tanlovda ishtirokchilar xalqimizning sevimli farzandi siymosi aks ettirilgan ko‘plab ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. G‘oliblar tanlovning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
N. Usmonova, O‘zA