Milliy sanʼatimiz targʻibotchisi
Poytaxtimizda 6-fevral kuni boʻlib oʻtadigan “Zarb-shou” konsert dasturi oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Poytaxtimizda 6-fevral kuni boʻlib oʻtadigan “Zarb-shou” konsert dasturi oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, milliy musiqa sanʼatimizda doira ijrochiligi oʻziga xos oʻrin egallaydi. Sanʼatning ushbu turi Usta Olim Komilov hamda uning shogird va izdoshlari Toʻychi Inogʻomov, Dadaxoʻja Sottixoʻjayev, Gʻafurjon Azimov, Qahramon Dadayev, Odil Kamolxoʻjayev, aka-uka Rahmatilla va Qudratilla Samadov, Hasan Azimov, aka-uka Dilmurod va Elmurod Islomov, Maʼmurjon Vahobov kabi fidoyi sanʼatkorlarning ijrosi bilan tobora ravnaq topdi. Oʻz ijro yoʻli, uslubiga ega boʻlgan bu kabi childirma ustalarining mahorati milliy musiqa ixlosmandlariga yaxshi tanish.

Bugungi kunda milliy musiqa sanʼatimizni xorijda munosib tarzda targʻib etayotgan sozandalar, ijrochilar koʻpchilikni tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Abbos Qosimov ana shunday sanʼatkorlardan. U yurtimizda ilk bor karnay va surnay, nogʻora kabi milliy musiqa asboblarimizning imkoniyatlari nechogʻli kengligini “Abbos” milliy xalq cholgʻu asboblari ansambli faoliyati orqali muxlislarga allaqachon isbotlagan.
Oʻn besh yildirki, jahonning bir qator davlatlarida milliy doira sanʼatimizga oid betakror maktab va anʼanalarni musiqa ixlosmandlari eʼtiboriga havola etmoqda. A.Qosimov doirachilik sanʼatida sodda ijrochilik yoʻlidan emas, balki murakkab, yaʼni “Teskari zarb” ijrochilik yoʻlidan borib, salmoqli yutuqlarga erishgan sanʼatkordir. Ayniqsa, dunyoning 5 nafar eng mohir sozandalari safidan uning ham joy olgani eʼtiborga molikdir. U AQSH, Buyuk Britaniya, Malayziya va boshqa koʻplab xorijiy davlatlarda oʻtkazilgan konsertlar, musiqiy festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etish bilan birga, doira ijrochiligi boʻyicha xorijlik yoshlarga ham saboq berib keladi.

6-fevral kuni “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida boʻlib oʻtadigan “Zarb-shou” musiqiy dasturi ham sanʼatkorning oʻziga xos ijodiy loyihalaridan deyish mumkin. Sarhisob tarzidagi mazkur gala-konsertda nainki mamlakatimizning musiqachilari, balki AQSH, Ozarbayjon, Turkiya kabi davlatlardan ham musiqachilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Matbuot anjumanida “Zarb-shou” musiqiy dasturi yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga batafsil maʼlumot berildi.
