Milliy otchilik an’analari haqida xalqaro anjuman
Toshkent viloyati mezbonlik qilgan “Sharq marvaridi – 2026” xalqaro ot poygasi musobaqasi doirasida “Axalteke tulpori — xalqlar do‘stligi ramzi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbir turkiy xalqlarning boy madaniy merosi, milliy otchilik an’analari hamda axalteki zotli otlarining tarixi va jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston va Turkmanistonning soha mutasaddilari, olimlar, otchilik sohasi vakillari, sport tashkilotlari rahbarlari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Tadbirda Axalteke otlarining noyob xususiyatlari, ularning sport va madaniyatdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A. Ikromov ochib, sport va milliy qadriyatlarni uyg‘un holda rivojlantirish, madaniy diplomatiyani kuchaytirish hamda xalqaro aloqalarni kengaytirish borasida bunday tadbirlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Shuningdek, Turkmanistonning “Turkmen atlary” davlat birlashmasi bosh direktori A. Berdiyev so‘zga chiqib, Axalteke tulporlarining xalqlar tarixi va madaniyatidagi o‘rni, ularni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish masalalari haqida ma’ruza qildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan ilmiy ma’ruzalar, amaliy takliflar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Konferensiya do‘stona va amaliy ruhda o‘tib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va sport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA