Milliy musiqa an’analari va yosh iste’dodlar kamoloti
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq tashkil etilgan “G‘ijjak sehri” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Milliy musiqa san’atini rivojlantirish, an’anaviy ijrochilik maktabini asrab-avaylash va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur tanlov iqtidorli sozandalarni bir sahnaga jamladi.
Milliy san’atning qudrati shundaki, u xalqning tarixi, ma’naviyati va qalb kechinmalarini ohanglar orqali avloddan avlodga yetkazadi. G‘ijjak esa o‘zbek mumtoz musiqasida alohida o‘rin tutuvchi, nozik va ta’sirchan sadolari bilan tinglovchi qalbiga yo‘l topadigan milliy cholg‘ulardan biridir. Shu bois ushbu san’at turini rivojlantirish nafaqat ijrochilik mahoratini oshirish, balki milliy o‘zlik va madaniy meros uzviyligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Tanlovda ishtirokchilar g‘ijjak cholg‘usida ijro etish mahoratini namoyish etib, o‘zbek xalq kuylari, mumtoz musiqa va maqom san’atining sara namunalarini ijro etdilar. Ijrolarda milliy ohanglarga mehr, ustoz-shogird an’analariga sadoqat va san’atga bo‘lgan yuksak ehtirom namoyon bo‘ldi. Har bir chiqish yosh sozandalarning nafaqat texnik mahorati, balki musiqiy asar mazmunini his etish va uni tinglovchiga yetkazish qobiliyatini ham ko‘rsatdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, taniqli sozanda va bastakor Abduhoshim Ismoilov ishtirok etdi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan milliy madaniyat va san’atni rivojlantirish, ijodkor yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan tanlov va ko‘rik-tanlovlarning tashkil etilishi yosh avlodning ma’naviy kamoloti uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bunday maydonlar yosh ijrochilarga o‘z mahoratini namoyish etish, tajribali san’atkorlardan o‘rganish va kelgusida professional ijrochi sifatida shakllanish uchun muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Ayniqsa, milliy cholg‘u ijrochiligida ustozlardan meros bo‘lib kelayotgan an’analarni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarning mumtoz musiqaga qiziqishini oshirish va iqtidorli sozandalarni muntazam qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Zero, milliy san’atning ertangi taqdiri bugun uni qanchalik asrab-avaylashimiz, o‘rganishimiz va yoshlarga yetkazishimizga bog‘liq.

Tanlov yakunida ishtirokchilarning ijrolari va mahorat darajasi baholanib, g‘oliblar munosib taqdirlandi.
“G‘ijjak sehri” kabi tanlovlar milliy musiqa merosini keng targ‘ib etish, yosh iste’dodlarni kashf qilish va an’anaviy ijrochilik maktabining davomiyligini ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, ular yosh avlod qalbida milliy san’atga muhabbat uyg‘otib, asrlar davomida shakllangan ma’naviy boyligimizni kelajak avlodlarga yetkazishga zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri