Milliy internet tarmoqlarida taʼlim yoʻnalishdagi dasturlarni tubdan yaxshilash zarur...
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani oʻquvchilari umumrossiya xalqaro “Vremya znaniy” fan olimpiadasida gʻolib boʻldi.
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani oʻquvchilari umumrossiya xalqaro “Vremya znaniy” fan olimpiadasida gʻolib boʻldi.
Toʻgʻri, “Vremya znaniy” respublikamiz xalq taʼlimi tizimida oʻtkaziladigan anʼanaviy fan olimpiadasi kabi emas, u gʻoliblariga bir imtiyoz ham bermaydi. Biroq karantin davrida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan fanlar bilan koʻproq mustaqil shugʻullanishga toʻgʻri kelgan hozirgi paytda bilimlarini sinab koʻrish uchun yaxshi imkoniyat.
Bu imkoniyatdan samarali foydalanish koʻproq fan oʻqituvchisining oʻquvchilar bilan masofaviy muloqotlar davomida internet tarmogʻidagi onlayn olimpiadalar, vertual sinovlar, oʻyinlar haqida koʻproq maʼlumot berishiga bogʻliq.
Gʻallaorol tumanida 9 nafar oʻquvchining internetda Rossiyaning “Vremya znaniy” olimpiadasida matematika fanidan birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallashlarida shu fan oʻqituvchisi Ozod Abdusattorovning xizmati.
Jizzax davlat pedagogika instituti magistranti Ozod Abdusattorov viloyat markazidagi “Temurbek izdoshlari” nodavlat maktabining Gʻallaorol tumani filialida algebra fanidan dars beradi. U bu maktabda dars berish bilan yana boʻsh vaqt topib oʻzining mahallasidagi bolalarga algebrani chuqur oʻrganishga koʻmaklashayotir. Ayniqsa karantin davrida ayrim oʻqituvchilarning ishi kamayib, vaqti koʻpaygan boʻlsa, Ozod muallimning aksincha ishi yana koʻpaydi. U barcha oʻquvchilari bilan onlayn aloqaga kirishib, ularning darslarda qatnashishlarini, oʻtilgan mavzuni oʻzlashtirishlarini nazorat qilib borayotir.
– Agar oʻqituvchi oʻzi dars berayotgan sinflardagi oʻquvchilarning barchasi onlayn darslarni qanday oʻzlashtirayotganidan toʻliq nazorat qilayapman desa, bu gapga ishonish qiyin, – deydi Ozod Abdusattorov. – Masalan, men dars berayotgan 9, 10, 11- sinflarda yuzga yaqin oʻquvchining barchasi bilan muloqot qilish uchun vaqt yetmasligi aniq. Bunday paytda eng ishonchli yoʻl oʻquvchini mustaqil ishlashga yoʻnaltirish. Men internetda Rossiyaning “Vremya znaniy” saytidagi xalqaro onlayn fan olimpiadasi tartiblari, test savollari bilan tanishib chiqib, oʻquvchilarimga qanday ishtirok etishni tushuntirdim.
Bu darsda nazorat ishi topshirishga qaraganda ancha maroqli va qiziqarli. Buning ustiga gʻoliblarga I, II va III-darajali diplomlar ham beriladi. Oʻquvchilar qiziqish bilan qatnashishni boshlashdi.
Samara kutilganidek boʻldi. “Vremya znaniy” olimpiadasida nodavlat taʼlim maktabining ikki oʻquvchisi – 7-sinfdan Azizbek Rahamberdiyev birinchi oʻrinni egalladi. Shu maktabning 8-sinfidan Kamron Akramov, Muhammadali Dushanov, 9-sinfdan Jahongir Akramov ikkinchi, 9-sinfdan Bekzod Norboyev, 11-sinfdan Dilmurod Toshtemirov uchinchi oʻrinni egalladi.
Shuningdek, 22-umumtaʼlim maktabining 8-sinfidan Jamshid Safarov ikkinchi, Jonibek Oʻrolov uchinchi oʻrin sohibi boʻldi. 86-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Jasur Shavkatov ham ikkinchi oʻrinni olishga muvaffaq boʻldi.
– “Vremya znaniy”dagi test savollari umumiy maktab darsligi doirasida, faqat sal mukammallashtirilib, qiziqarliroq, oʻquvchini mantiqiy fikrlashga, mushohadaga oʻrgatadigan qilib tuzilgan, – deydi O. Abdusattarov. – Aslida oʻquvchilarni qiziqtiradigan tomoni ham shunda. Yagona qiyinchilik matnlar rus tilida boʻlganligidan hamma oʻquvchilar ham tushuna olmaydi. Agar shunday intellektual oʻyinlar milliy portallarimizda ham boʻlganida juda foydali boʻlardi.
Men shu suhbatdan soʻng internetda shunga oʻxshash oʻzbekcha mashgʻulotlarni topish maqsadida “Ziyonet” va xalq taʼlim bilan bogʻliq koʻp saytlarga kirib chiqdim. Afsuski, koʻplab oʻquv qoʻllanmalari, darsliklardan koʻchirmalar, turli maʼruzalardan tashqari, Ozod aytgandek, oʻquvchilarni qiziqtiradigan, shu kunlarda foydali boʻladigan birorta intellektual mashgʻulot uchramadi.
Kornovirus infeksiyasi karantini davrida taʼlim muassasalarida oʻqishning masofaviy shakliga oʻtishi tizimdagi kamchiliklarni ham yuzaga chiqardi. Ayniqsa oʻquvchilarning, oʻqituvchilarning internet savodxonligi ancha qoniqarsizligini koʻrsatib berdi. Bu kamchilik faqat maktablarning internet bilan toʻliq qamrab olinmaganligi emas, yaqingacha ham ayrim toifa kishilar internetni turli oldi-qochdi xabar, zararli axborotlar, bolalar tarbiyasini buzadigan oʻyinlardan iborat degan tushuncha bilan yashab kelganlari asorati hamdir.
Agar rus tilidagi internet tarmoqlaridagi kabi “Vremya znaniy“, “Jivaya planeta“, “Solnechnыy svet“ kabi intellektual oʻyinlar milliy portallarimizda boʻlganida karantin davrida oʻquvchilar bilimi yana-da toʻliqroq boʻlardi, Xalq taʼlimi vazirligi, tizimdagi ilmiy muassasalar milliy internet tarmoqlaridagi taʼlim yoʻnalishdagi dasturlarni tubdan yaxshilashga jiddiy eʼtibor qaratishi lozim. Bu faqat karantin davri uchun emas, doimiy va eng zarur ish.