Milliy gvardiya yoshlarda havas uyg‘otmoqda
Namanganda mamlakatimiz miqyosida 15 dekabrdan 15 yanvargacha e’lon qilingan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli sport musobaqalari, tanlov va festivallar tashkil etilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda mahalliy hokimliklar hamkorligida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, harbiy xizmatga bo‘lgan havasini uyg‘otish va qiziqishini oshirishga turtki bermoqda.

Kosonsoy tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida "Biz yoshlar sog‘lom turmush tarafdorimiz" shiori ostida sportning kurash va qo‘l jangi turi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan sport seksiyasida Milliy gvardiya o‘g‘lonlari murabbiyligida haftaning dushanda, chorshanba va juma kunlari mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Yaqinda esa o‘quvchi-yoshlar ishtirokida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan qurol-aslaha va texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
O‘quvchilarning ayni qishki ta’til kunlarida sport, turli tadbirlar va harbiylar bilan ochiq muloqotlar ham jismonan, ham ma’nan chiniqtiradi.
Viloyat hokimligi hamda Milliy gvardiya boshqarmasi qo‘shma rejasi asosida yosh o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazish maqsadida joylarda ma’naviy-ma’rifiy, harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Uychi tumanidagi Navoiy mahallasida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabida “Mardlik va jasorat” mavzuidagi tadbirda harbiy qismdagi mavjud qurol-aslahalar namoyish etildi. Uchqo‘rg‘on tumani madaniyat markazida esa o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Vatanim-mening faxrim” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda 400 nafar o‘quvchi yosh jalb qilindi.

Milliy gvardiya tashabbusi bilan Vatan himoyachilari kuni oldidan tashkil etilayotgan bunday xayrli sa’y-harakatlar o‘z navbatida ertamiz egalarini ona Vatanga sadoqat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol toptirish, eng muhimi mustaqil O‘zbekistonga munosib farzand bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA