Mikrokreditbank: 2025-yilda 345 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlandi
Milliy matbuot markazida Mikrokreditbank tomonidan “Aholi bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2026-yilgi rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Bankning asosiy maqsadi kichik va o‘rta biznes, xususiy tadbirkorlik hamda hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa qishloq joylarda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishdan iborat.
O‘tgan yilda bankning 92 ta hududiy bo‘linmalariga biriktirilgan 1 ming 62 ta mahallada 320 ta “Mahalla bankiri” va ularga yordamchi agentlar faoliyat yuritdi. Yordamchi agentlardan 532 nafari ayol, 530 nafari erkakdan iborat.
2025-yilda bank tomonidan 10,2 trillion so‘m kreditlar ajratildi, shuningdek, kichik va o‘rta biznesga 7,9 trillion so‘m, turli dasturlar doirasida 4,2 trillion so‘m kredit taqdim qilindi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, 345 ming 895 nafar aholiga ish bilan ta’minlashda yordam berilgan. Shuningdek, 122 ming 66 nafari doimiy ishga joylashtirildi va 223 ming 829 nafari tadbirkorlikka jalb qilindi.
Qolaversa, 47 ming 975 ta mikroloyihaga 905,1 milliard so‘m kredit ajratilib, natijada 98 ming 305 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Kam daromadli 11 ming 142 ta xonadon 318 milliard so‘mlik loyiha paketlari bilan qo‘llab-quvvatlandi, bu esa 16 ming 704 nafar aholi bandligini ta’minladi.
“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili doirasida 5 ming 210 nafar aholiga ijaraga berilgan va 1 ming 747 gektar yer maydonida 159 ta namunali loyihalar amalga oshirildi. 34 ming 764 tonna mahsulot yetishtirildi. Shuningdek, 2 ming 195 tonnasi eksport qilindi va umumiy daromad 211,3 milliard so‘mni tashkil qildi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 181 ta hududiy bo‘linma rahbarlari va yordamchi agentlar 412 ta oilaning daromadini yaxshilab, ijtimoiy reyestrdan chiqardi. Shuningdek, mahallalarda 26,6 mingta plastik karta berildi, 131 nafar aholidan 27,8 milliard so‘m omonat qabul qilindi va 2 ming 704 nafarga 822,3 milliard so‘m kredit ajratildi.
Joriy yilning yanvar – mart oylarida ijro bo‘yicha 1,7 trillion so‘m kredit ajratildi, shu jumladan kichik va o‘rta biznesga 1,2 trillion so‘m, dasturlar doirasida 557,1 milliard so‘m ajratilgan. Aholi bandligi borasida ham muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 16 ming 719 nafar, shundan 3 ming 724 nafari doimiy ishga, 12 ming 995 nafari tadbirkorlikka jalb qilindi. Yoshlar uchun “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 362 ta namunali loyiha amalga oshirilishi uchun agregatorlarga 5,85 milliard so‘m kredit ajratildi.
[gallery-28368]
Ushbu loyihalar nafaqat aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni kamaytirish va mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, balki qishloq joylarda iqtisodiy faollikni yanada rivojlantirishga ham ko‘maklashadi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA