MIB: sarhisob va istiqbolli rejalar
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining joriy yil o‘tgan davridagi faoliyati hamda yilning ikkinchi yarmi uchun belgilangan rejalari, shuningdek, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi mas’ullari, viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda boshqarmaning ana shu davrdagi faoliyati, kelgusi rejalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
– Joriy yilning o‘tgan davrida boshqarmamiz, tuman, shahar bo‘limlarimiz tomonidan 948 milliard so‘mlik ijro hujjatlari ijrosi yakuniga yetkazildi, – deydi Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bahromjon Nasriddinov. – Shundan 39 mingta ijro hujjati bo‘yicha 538 milliard so‘m mablag‘ undirildi.
Amalda undiruv o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 313 milliard so‘m yoki 140 foizga ortdi. Joriy yilning 5 oyida davlat foydasiga 267 milliard so‘m, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar foydasiga 247 milliard so‘m hamda fuqarolar foydasiga 24 milliard so‘m mablag‘ undirildi.
Anjumanda, shuningdek, soliq qarzini undirish bilan bog‘liq 23 mingta ijro ishi bo‘yicha 244 milliard so‘m, davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklar ijrosi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha 5 milliard so‘m pul mablag‘i undirilganligi qayd etildi.
Sud qarorlari asosida qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 28 nafar shaxs ishga tiklandi va ularga to‘lanmay qolgan 225 million so‘m miqdordagi ish haqi undirib berildi.
Prezidentimizning 2020 yil 24 oktyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, o‘tgan besh oy mobaynida davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 6 ta yo‘nalishdagi ijro hujjatlari bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 50 foizi, ya’ni 11 milliard so‘m mablag‘ “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirildi.
[gallery-2726]
Ayni vaqtda davlat ijrochilarining ish yurituvidagi 83 mingdan ortiq ijro hujjatining 31 mingtasini aliment masalasiga oid ishlar tashkil etadi. Tahlillarga ko‘ra, viloyatda so‘nggi o‘n yil mobaynida aliment undiruvi bilan bog‘liq ishlar soni 182 foizga ortgan.
Aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayonida aloqador tashkilotlar bilan hamkorlikda oilalarni yarashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Natijada, joriy yil davomida 320 dan ortiq oila yarashtirildi. Ishsiz aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash borasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 564 nafar aliment to‘lovchi ishga joylashtirildi.
Anjumanda aliment to‘lovi bo‘yicha elektron tizim joriy etilganligi alohida aytib o‘tildi. Ya’ni joriy yilning 1 martidan aliment majburiyatlarining bajarilishini masofaviy monitoring qilish tizimi yaratildi.
Yangi tartibga ko‘ra, har bir aliment puli oluvchi fuqarolar nomiga tegishli bank kartasini rasmiylashtirish ishlari boshlandi va aliment pullari, qarzdorning ish haqidan undiruvchi nomiga ochilgan plastik kartalarga elektron tarzda o‘tkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Viloyatdagi 31 mingdan ortiq aliment oluvchi fuqaro nomiga “Aloqabank” tomonidan 22 ming donadan ortiq plastik kartalar ochilib, hozirga qadar ularning 15 ming nafariga taqdim etilgan.
Shuningdek, anjumanda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining joriy yil ikkinchi yarmi uchun belgilangan rejalari yuzasidan ham ma’lumotlar berildi. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi samarali amalga oshirilishi qayd etildi. Shu bilan birga qonun ustuvorligini ta’minlash, aholining huquqiy bilim va savodxonligini oshirishga, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari MIB faoliyati bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA