MIB ko‘magida to‘lanmagan kreditlar undirilmoqda
Bandixon tumanidagi “Tojinor Sho‘rchi” xususiy firmasi rahbari tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida Termiz tumanidagi tijorat banklaridan biriga murojaat qiladi. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach, tijorat banki tadbirkorga 11 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i ajratadi.
Afsuski, xususiy firma rahbari olingan kreditdan bemaqsad foydalanib, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaydi. Mazkur muammo yuzaga kelgach tijorat banki bu ishni sud tartibida hal etishga kirishadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudida muammoli kredit masalasi ko‘rib chiqilgach, “Tojinor Sho‘rchi” xususiy firmasidan tijorat banki foydasiga 11 milliard 125 million 286 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Bandixon tumani bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga asosan xususiy firma rahbariga yuzaga kelgan qarzdorlikni so‘ndirish uchun ixtiyoriy muddat belgilab berilgan.
–Odatda tadbirkorlar kattaroq moliyaviy maqsadga tezroq erishish masalasini bankdan kredit olish bilan hal etishga harakat qiladi,– deydi MIB Bandixon tumani bo‘limi davlat ijrochisi Akmal Xursandov. – Biroq, “Tojinor Sho‘rchi” xususiy firmasi rahbari olingan kredit mablag‘ini maqsadsiz sarflab, tijorat banki oldidagi majburiyatlarini bajara olmagan. Sud qarorini ijro etish jarayonida belgilangan ixtiyoriy muddatda ijro hujjati talablari bajarilmagani sababli xususiy firmaga tegishli mol-mulklar xatlovga olindi. 400 million so‘mlik kombayn, tumanning “Bektepa” mahallasidagi qiymati 10 milliard 625 million so‘mlik “Chorva kompleksi” hamda garov mulki hisoblangan qiymati 1 milliard 405 so‘mlik savdo do‘koni sotish uchun onlayn auksion savdolariga chiqarildi. Mazkur mulklarga auksion savdolarida xaridor topilmagani tufayli belgilangan tartibda kredit qarzdorligini qoplash uchun undiruvchi tarafga taklif etilib, tijorat bankining roziligi bilan moliya muassasasi ixtiyoriga topshirildi.
Yana bir holatda esa Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon-Servis Story Market” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan tijorat banki foydasiga 1 milliard 458 million 267 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi ish yurituviga qabul qilingach, qarzdor korxona rahbariga sud hujjati ijrosini ta’minlash uchun ixtiyoriy muddat belgilab berilgan. Tadbirkor ijro hujjati talablarini bajarmagani uchun garov mulki tijorat bankiga taqdim etilgan Jarqo‘rg‘on tumani Do‘stlik mahallasidagi ikki qavatli ma’muriy bino xatlovga olinib, boshlang‘ich bahosi 1 milliard 600 million so‘m qiymatida onlayn auksion savdolariga chiqarildi.
MIB viloyat boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlarining tegishli idoralar hamkorligida qoplanmay qolgan kredit mablag‘larini tijorat banklariga undirib berish yuzasidan amalga oshirayotgan tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri