MIB alimentchi oilalarni yarashtirmoqda
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlari xodimlari aliment qarzdorliklarini undirish barobarida ajrashgan oilarni yarashtirishga ham ko‘maklashmoqda.
Jumladan, byuroning Muzrabot tuman bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudining 2015 yil 17 avgustdagi qarori bilan M.Sharipovdan 2 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun Sh.Sharipova foydasiga aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgach, ijro harakatlariga kirishilgan.
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va Muzrabot tuman bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida qarzdor M.Sharipov turmush o‘rtog‘i bilan yarashib, oilasini tiklash istagi borligini bildirgan. Shunga ko‘ra, mazkur ijro hujjati yuzasidan bu oila yarashtirilib, ijro hujjatlari bo‘yicha yuritilgan ijro ishi yangi yilning ilk kunlarida tugatildi.
Byuroning Termiz shahar bo‘limi davlat ijrochisi ish tajribasidan kelib chiqib, ish yurituvida bo‘lgan M.Tog‘ayeva va uning turmush o‘rtog‘i B.Bo‘tayevani yarashtirib, arzimas sabab bilan darz ketgan oilani qayta tikladi.
– Ijro hujjatiga asosan voyaga yetmagan bolalarning moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini undirish bizning asosiy vazifamiz, –deydi MIB Termiz shahar bo‘limi davlat ijrochisi B.Madiyev. – Ishimiz jarayonida o‘zaro yarashib, qayta oila qurgach, farzandlarining quvonchini ko‘rganimizda beixtiyor suyunamiz. Ularga oila muqaddas qo‘rg‘on ekanini tushuntirolganimizdan faxr hissini tuyamiz. Bu bizning xayrli ishimizga yanada ko‘proq shijoat bag‘ishlaydi. Yarashtirilayotgan oilalarda er-xotin munosabatlari qayta tiklangani, oilalar yarashgani munosabati bilan qarz undiruvchilarning arizasiga asosan aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bekor qilinmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA