Meva-sabzavot eksporti hajmi oshmoqda
Serquyosh yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarining xushta’mligi, darmondorilarga boyligiyu xorijda ham xaridorgirligini ko‘p eshitganmiz. Yurtimizga kelgan sayyohlardan so‘rasangiz ham hayratu havas bilan gapirib berishi aniq.
Serquyosh yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarining xushta’mligi, darmondorilarga boyligiyu xorijda ham xaridorgirligini ko‘p eshitganmiz. Yurtimizga kelgan sayyohlardan so‘rasangiz ham hayratu havas bilan gapirib berishi aniq.
Birgina biz sevib iste’mol qiladigan olmaning shifobaxsh xususiyatiga to‘xtalsak. Britaniyalik tadqiqotchilarning fikricha, inson kuniga uch dona olma iste’mol qilsa, xotirasi mustahkam bo‘ladi va keksalik bilan bog‘liq parishonxotirlikning oldi olinadi.
Bundan tashqari, olma qon tarkibidagi xolesterin miqdorini ham kamaytiradi. Olma tarkibidagi pektin moddasi organizmdan ortiqcha xolesterin chiqib ketishiga ko‘maklashadi. Qolaversa, pektin moddasi qand kasalligi paydo bo‘lishi xavfini kamaytiradi. O‘zbekistonda olmaning “Semerenko”, “Jonatan”, “Golden”, “Granni”, “Smit”, “Fuji” kabi turlari keng tarqalgan.
Mamlakatimizda yilning barcha faslida bozordan istalgan meva-sabzavot, poliz mahsulotini topish mumkin. Fermer va tadbirkorlarimiz mahsulotni qish va bahor mavsumlari uchun zaxira qilib qo‘yadi. Maxsus muzlatkichli omborlarda saqlashadi. Bu esa, fermerlarimizga uzum, olma va boshqa mevalarni sifatli saqlash imkoniyatini bermoqda. Qolaversa, intensiv bog‘dorchilik tobora rivojlanmoqda. Zamonaviy issiqxona tashkil etish ommalashdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 29 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish uchun ekin maydonlari sezilarli ravishda kengaytirildi, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar ishga tushirildi. Moliyaviy resurslar, jumladan, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilmoqda. Ishlab chiqarishni kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amaliyotga keng tatbiq etishga harakat qilinmoqda.
2018 yilning 1 yanvar holatida respublikamiz bo‘yicha 43 ming gektar yer maydonida intensiv bog‘ yaratilgan. Ushbu bog‘larning katta qismi Samarqand va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili ushbu bog‘larda jami 765 ming tonna meva-sabzavot yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich respublikamiz bo‘yicha yetishtirilgan jami meva-sabzavotlarning 23 foizini tashkil etmoqda.
Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-may oylarida meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmi 305,4 million AQSH dollarini tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 73,8 foizga ko‘p. Meva-sabzavot mahsulotlari eksportining 40,6 foizini meva va rezavorlar, 49 foizini sabzavotlar tashkil etmoqda. Meva-sabzavot mahsulotlari asosan Qozog‘iston, Rossiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya, Pokiston davlatlariga eksport qilingan.
“O‘zagroeksport” kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, o‘zbek gilosining eksport miqdori ilk bor, to‘rt barobarga ortdi. Bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda. Qayd etish joizki, kompaniya bu yildan e’tiboran ilk bor meva-sabzavotlarning eksport narxlarini keng ommaga e’lon qila boshladi. Natijada eksport mavsumi boshlanishi yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda.
Ayni vaqtda gilosning eksport narxlari e’lon qilingandan so‘ng mamlakatimizdan ushbu mahsulotning jahon bozorlariga yo‘l olishi yanada jadallashmoqda. Narxning barqarorligi natijasida 2018 yilning 20 mayigacha qiymati 30 million dollarlik 7 ming tonnadan ziyod gilos eksport qilindi. Agarda 2017 yilning shu davridagi natijalar bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘tgan yili 7,5 million dollarlik 2 ming 516 tonna gilos eksportga chiqarilgan.
Misol uchun, bu yilgi gilos hosili 4 dollargacha bo‘lgan narxda eksport qilinmoqda. Uning o‘tgan yilgi bahosi 2 dollar atrofida edi. Vaholanki, Amerika, Turkiya, Chili kabi davlatlar gilosning kilosini 6 dollardan 15 dollargacha bo‘lgan bahoda eksport qilmoqda.
Ayni vaqtda gilosning qiymati 4 barobarga oshirilgan bo‘lsa-da, jahon bozorlarida unga bo‘lgan talab kamaygani yo‘q. Eng asosiysi, mevalarni kecha-yu kunduz parvarishlagan mirishkor dehqonlarimiz ushbu mavsum hosilidan salmoqli daromad olishni boshlashdi. Bu esa ular tomonida
n yangi bog‘lar barpo etilishi uchun zamin yaratmoqda.
Meva-sabzavotchilikni jadal va samarali rivojlantirishni ta’minlash, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yirik xorijiy bozorlarga chiqarish davr talabidir.