Metrologiya sohasida xalqaro standartlar joriy etildi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) rahbariyati va soha mutaxassislari ishtirokida 2025-yil davomida erishilgan natijalar va joriy yildagi istiqbolli loyihalar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institutning 2025-yil davomida erishgan asosiy natijalari, sohada amalga oshirilgan xalqaro islohotlar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor strategik vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etilganidek, 2025-yil davomida milliy metrologiya tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuniga Jahon savdo tashkiloti (JST) bitimlari talablaridan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Amalga oshirilgan mazkur chora-tadbirlar natijasida mamlakatimiz Global sifat infratuzilmasi indeksida (GQII) o‘z pozitsiyasini 18 pog‘onaga yaxshilab, dunyoning 184 ta davlati orasida 72-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa mamlakatimizda metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko‘rsatadi.
[gallery-28367]
Matbuot anjumani davomida institut olimlari tomonidan ishlab chiqarish tarmoqlari uchun yaratilgan yangi innovatsion ishlanmalar ham namoyish etildi. Jumladan, suv hisoblagichlarini qiyoslash uskunasi hamda barometrlarni yuqori aniqlikda tekshirishga mo‘ljallangan zamonaviy moslamalar taqdim qilindi. Ushbu ishlanmalar sanoat tarmoqlarida o‘lchash aniqligini ta’minlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish ishlari doirasida “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi (TRIS) orqali 8 turdagi metrologik xizmatlar to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Bu esa tadbirkorlar uchun xizmatlardan foydalanishda shaffoflik va tezkorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumanida joriy yilning 16-fevral kuni qabul qilingan “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonining ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Unga muvofiq, texnik reglamentlarni xalqaro talablar asosida qabul qilish, bozor nazorati tamoyillarini joriy etish hamda sohada raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan.
Belgilangan rejaga muvofiq, 2026-yilda institut tomonidan 19 ta yangi yuqori aniqlikdagi davlat etalonlarini xarid qilish rejalashtirilgan. Bu esa milliy kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlarini 2,5 barobarga oshirish imkonini beradi. Natijada mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda tan olinishi va eksport salohiyatining oshishiga zamin yaratiladi.
Shu bilan birga, sohada eskirgan qiyoslash tizimidan bosqichma-bosqich xalqaro verifikatsiya va kalibrlash tizimiga o‘tish, kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
— 2025-yil davomida institut olimlari tomonidan bir qator innovatsion ishlanmalar yaratildi, — deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bo‘lim boshlig‘i Sheroz Ismatullayev. — Jumladan, suv hisoblagichlarini qiyoslash uskunasi hamda barometrlarni yuqori aniqlikda tekshirishga mo‘ljallangan zamonaviy moslamalar ishlab chiqildi. Bu uskunalar sanoat tarmoqlarida o‘lchash aniqligini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda mahsulot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA