Merganlar bahsi qizg‘in o‘tdi
Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkilotida “Yoshlarga oid davlat siyosati” to‘g‘risidagi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida sportning pnevmatik quroldan o‘q otish turi bo‘yicha “Poytaxt ochiq kubogi” musobaqasining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.
“Yashnobod o‘quv sport klubi” binosi tirida bo‘lib o‘tgan musobaqada Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkilotining “Mirobod O‘STK”, “Sergeli O‘STK”, “Chilonzor O‘STK”, “Yunusobod O‘STK”, “Yashnobod O‘STK”, “Uchtepa O‘STK” sportchilari bilan bir qatorda Mudofaa vazirligi sport klubi hamda Respublika oliy sport maktabi sportchilari miltiq va to‘pponchadan o‘q otish bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Musobaqada Nikita Sokolov o‘g‘il bolalar o‘rtasida, Dilso‘z Rizayeva esa qizlar o‘rtasida shohsupaning birinchi pog‘onasidan joy oldi. “Poytaxt ochiq kubogi” musobaqasining jamoaviy bahslarida “Mirobod O‘STK” jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA