Mening prezidentim – mening faxrim
Odam bolasi har nafasda erkinlikka, hurriyatga intiladi. Lekin bu ne’mat har kimga ham nasib qilavermas ekan. Biz bilamiz – xalqimiz judayam uzoq davom etgan mustabitlik zamonini boshidan kechirdi. O‘ta puxtalik va reja bilan milliy qadriyatlardan judo qilinayozdik. Sho‘ro saltanati esa, imlomizni o‘zgartirdi. Bu – shu darajada katta yo‘qotish – talofat ediki, keyingi avlod, natijada o‘z o‘tmishiga loqayd darajaga yetdi.
Bir yarim asr davomida chekkan aziyatlar, ayniqsa, keyingi mustabitlik davri jarohatlari, asoratlari aytgan bilan ado bo‘lmaydi. Ammo istiqlol cho‘qqilaridan turib o‘sha mustabid zamonni, uning jarohatlari, asoratlarini eslamaslik mumkin emas.
Chunki, ana shunday qilganimizda, ya’ni kecha bilan bugunni taqqoslaganimizda, mustaqillik ne’matlarining qadriga yetamiz.
O‘tgan 30 yil mobaynida mustaqil davlatimiz, millatimiz, juda qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Ayniqsa, mustaqillikning dastlabki yillari juda qiyin bo‘ldi. Sho‘ro “ittifoqi”ning nochorlikda parchalanishi tufayli, mamlakatimizda atayin markazlashtirilgan ta’minot to‘xtab qoldi.
Birgina misol: O‘zbekistonning tuprog‘i oltinga teng bo‘lgan bilan mamlakatimizda deyarli g‘alla yetishtirilmas, paxtadan mo‘l hosil olish uchun ham yoqilg‘i – moylash materiallari markazdan olinishi kerak edi. Ana shu markazlashgan tizim izdan chiqqandan so‘ng, O‘zbekistonda xo‘jalik yuritish qanday ahvolga tushib qolganini ko‘z oldingizga keltiravering.
Ana shu og‘irliklarning bari Respublikamiz hukumati yelkasiga tushdi.
Xalqimizda “Bir tovuqqa ham suv, ham don kerak”, degan maqol bor.
Ehtiyojni qondirish juda juda qiyin masala edi. O‘zingiz bilasizki, bunday taqchillik sharoitida jinoiy unsurlar faollashib qoladi...
Mamlakatimizda olib borilgan adolatli, izchil va barqaror siyosat mustaqil mamlakatimiz tepasida aylangan o‘sha qora bulutlarni tarqatib yubordi.
Yaxshi eslayman, o‘sha yillari o‘zlarini millatparvar deb e’lon qilgan “demokratlar”: “O‘zbekiston xalqi hammadan ko‘p non iste’mol qiladilar!” deb dod solgan edilar, qarang-a! Axir, nondan ham aziz ne’mat bo‘larkanmi?
O‘sha tahlikali zamonda va undan keyin ham mamlakatimiz, halqimiz tinchligi, xotirjamligi ta’minlandi. Ana shu haqiqat barcha yutuqlarimizning bosh omili, mustahkam poydevori bo‘ldi.
Hozir ham “undog‘-bundog‘!” degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Ba’zan shu singari “millatparvar”larning tilini qarg‘alar cho‘qisin degim keladi. Nega? Ma’lumingizkim, Surxondaryo mamlakatimizning eng janubiy, demakki, nisbatan olganda, poytaxtdan uzoq viloyatlardan biri. Ammo bizning vohada ham Asakaning mashinalari ko‘chaga sig‘may ketdi. Bu iqtisodiy – ijtimoiy barometrdir! Halqimizning iqtisodiy ahvolini shundan ham bilsa bo‘ladi.
Ayniqsa, keyingi yillar...
Tarixiy nuqtai – nazardan olganda keyingi 6-7 yilda mamlakatni, uning aholisini ana shunday farovonlikka erishtirgan Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan faxrlanmaslik mumkinmi!?
Bugun ko‘z oldingda sodir bo‘layotgan voqeayu hodisalarni ko‘rib qalbing g‘ururga to‘ladi. Axir, Surxondaryoyu Xorazm, Qoraqalpog‘u Andijon, Sirdaryoyu Jizzax, ularning orasida Berlinu Qatar, Moskvayu Nyu-York, Malaziyayu Singapur - sanayversang boshing aylanib, ko‘zing tinib ketadi – milliard-milliard investitsiyalar kelmoqda. Toshkent viloyatida dunyoda eng katta bo‘lgan “Yoshlik” oltin konining, Qoraqalpog‘istonda temir konining ochilishi, Yangi Toshkent loyihasining tasdiqlanishi… hammasini hisobiga yetish ancha qiyin. To‘g‘ri, buning barchasida o‘zimizning mehnatkash xalqimiz, xorijda o‘qib-o‘rganib kelgan yosh mutaxassis-olimlar faol ishtirok etishmoqda. Lekin o‘n qo‘shchiga bir boshchi, degan xalqimizning dono gapi bor.
Surxondaryo – O‘zbekiston viloyatlari silsilasida alohida o‘rin egallaydi. Bu janubiy viloyatda Hamdo‘stlik davlatlarida birinchi bo‘lib bodomu o‘rik gullaydi, qulupnay yetilib, arpa, bug‘doy pishadi. Diyorimizga bahor ham shu viloyatdan kirib keladi. Viloyatning respublika ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida ham o‘rni katta. Bu yerda respublikada yagona daryo floti mavjud. Tinch va notinch bo‘lgan Afg‘oniston bilan chegaramiz ham shu viloyatdan o‘tadi.
Men yoshi saksondan oshgan qariyalar qatorida ko‘p rahbarlarni ko‘rganman. Lekin o‘zi ham tinchimaydigan, o‘zgani ham tinch qo‘ymaydigan rahbarlar kam bo‘ladi. Hassos shoir Mirtemirning: “Men seni tinchitmayman va lekin injitmayman” deb boshlanadigan she’ri - men seni o‘z holingga qo‘yib qo‘ymayman, sen yaratuvchilik ishi bilan band bo‘lasan, ayni bir paytda aynishingga, o‘zga yo‘lga kirib ketishingga, buzilishingga ham yo‘l yo‘q, lekin yangi turmushni, Yangi O‘zbekistonni belni mahkam bog‘lab birga yaratamiz, degan ma’noni anglatuvchi she’rlari xuddi shu bugungi kunga atab yozilganga o‘xshaydi.
Prezidentimizning chuqur o‘ylangan, xalq manfaatlari hisobga olingan barcha amaliy, tinimsiz ishlari hamda O‘zbekistonning dunyodagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlari har qancha tahsinga sazovor.
2020-2023-yillar O‘zbekiston uchun turli voqealarga boy, barcha sohada jadal rivojlanish davri bo‘ldi. Ijtimoiy-siyosiy, huquqiy sohalarda, xalqaro munosabatlardagi ulkan ijobiy o‘zgarishlardan xorijliklar ham hayratga tushmoqda.
Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosat sharofati bilan O‘zbekistonning yangi qiyofasi, millat qiyofasi salobatlashib, ulug‘vorlashib, ko‘rkamlashib borayotgani, ayniqsa, quvonarlidir.
Umuman, so‘ngi yillarda mamlakatimiz evolyutsion o‘zgarishlar sari yuz burdi. O‘zbekistonimizdagi yangilanishlar, hech mubolag‘asiz, har birimizni to‘lqinlantirmoqda.
Shuning uchun men aytaman: Mening Prezidentim – mening faxrim! Yurtboshimiz rahbarligida Vatanimiz qiyofasi kun sayin o‘zgarib bormoqda. Bunday qutlug‘ yumushlar mudom barqaror bo‘lg‘usidir!
Toshtemir TURDIEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
O‘zA