Mening armiyam – mening faxrim
Andijon shahridagi Xotira maydonida “Mening armiyam – mening faxrim” shiori ostida harbiy vatanparvarlik aksiyasi o‘tkazildi.
Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat Mudofaa ishlari hamda Milliy gvardiya boshqarmalari hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda umumta’lim, kasb-xunar maktablari o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdi.
– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, xalq va armiya yakdilligini, shuningdek, yoshlar qalbida Vatanga muhabbati, milliy armiyamizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbari Oybek Yuldashev. – Qolaversa, Vatan himoyasi, xalq tinchligini saqlash muqaddas va sharafli burch ekanligini yoshlarga chuqqurroq anglatishdan iborat.
Tadbirda harbiy texnikalar, qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali jangavor chiqishlari, harbiy qism orkestrining musiqiy dasturlari namoyish etildi.
– Kelgusida egnimga ichki ishlar libosini kiyib, yurt tinchligi himoyachisi bo‘lishni orzu qilaman, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Andijon akademik litseyi o‘quvchisi Maftunaxon Ibaydullayeva. – bugungi tadbir, ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari, harbiylarning chiqishlari qalbimdagi ana shu orzularni yanada mustahkamladi. Faqat a’lo baholarga o‘qib, sport bilan shug‘ullanib, kelajakda xalqimiz tinchligi himoyachisi bo‘lish uchun astoydil harakat qilaman.
Yoshlar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirayotgan “Mening armiyam – mening faxrim” shiori ostidagi harbiy vatanparvarlik aksiyasi viloyatning barcha tuman va shahar markazlarida ham o‘tkazilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA