“Men g‘olib”: ko‘rik-tanlov boshlandi
Muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Men g‘olib” shoiri ostida “Chirchiq” poligonida Armiya o‘yinlarining ko‘rik-tanlovi boshlandi.
Mazkur tashabbus Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, nazariy va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish, milliy va jangovar ruhiyatni kuchaytirish, birdamlik, hamjihatlikni oshirish, kelgusida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat uchun munosib nomzodlarni saralab olish maqsadida amalga oshirildi.

“Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan armiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Mudofaa vazirligining mas’ul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari va mehmonlar barcha harbiy xizmatchilarga omad tiladi. Shundan so‘ng, mard o‘g‘lonlarning kasbiy tayyorgarligi, chaqqonligi va ruhiy quvvati, abjirliklarini 25 ta mutaxassislik ko‘rik-tanlovlar yo‘nalishi bo‘yicha sinovdan o‘tkazishga kirishildi.
Kuchli raqobat ruhi ostida kechayotgan musobaqalarda muddatli harbiy xizmatchilarning doimiy shayligi, jangovar harakatlar va maxsus tadbirlarni olib borishdagi uyushqoqligi, berilgan vazifalarni sifatli bajarishi, shartlarga tayyorgarlik darajasi, jismoniy va ruhiy holatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bir necha turdagi musobaqa va ko‘rik-tanlovlar harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratib, jangovar shaylikni oshirish bilan birga mamlakat mudofaa qudratining yuksalishiga ham xizmat qilmoqda.
G‘oliblarni aniqlash bo‘yicha “Chirchiq” poligonida armiya o‘yinlari davom etmoqda.

A.Musayev, O‘zA