Meloni: Olimpiadaga qarshilar — “Italiya dushmanlari”
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni mamlakatda o‘tkazilayotgan 2026 yilgi Qishki Olimpiadaga qarshi namoyish uyushtirganlarni keskin tanqid qilib, ularni “Italiya dushmanlari” deb atadi. Bu haqda “ANSA” axborot agentligi yozmoqda.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan aksiyada ishtirokchilar o‘yinlarning ekologik ta’siri va iqtisodiy xarajatlari bo‘yicha qarshi chiqdi. Namoyish politsiya bilan to‘qnashuvlar bilan yakunlandi. Bu voqealar fonida o‘lka shimolidagi Bolonya va Pezaro shaharlari yaqinida temiryo‘l tarmog‘iga sabotaj uyushtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Bosh vazirning aytishicha, minglab italiyaliklar Olimpiadani munosib o‘tkazish uchun harakat qilmoqda, ko‘plab fuqarolar esa ko‘ngilli sifatida hissa qo‘shmoqda.
– Ular Italiya hurmat va e’tirof qozonishini istaydi, boshqalar esa temiryo‘l kabellarini kesib, poyezdlar harakatini to‘xtatadi va yurt obro‘siga putur yetkazadi, - dedi u.
Meloni shuningdek, tartibsizliklar vaqtida xizmat qilgan huquq-tartibot organlariga minnatdorlik bildirdi va Olimpiada tashkiliy guruhini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA