Mehrli qo‘llar mehr ulashmoqda
Mamlakatimizda 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni keng nishonlanishi davlatimiz tomonidan bu toifadagi insonlar uchun olib borilayotgan kuchli va manzilli ijtimoiy himoyaning amaldagi ifodasidir.
Yurtimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironlarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratishga alohida e’tibor berib kelinadi.

Ushbu kunni nishonlashdan asosiy maqsad ham butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironligi bo‘lganlar boshqalar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, imkoniyati cheklanganlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironligi bo‘lganlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.
Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Olmazor tumanidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 36-sonli yordamchi maktab o‘quvchilari uchun “Mehrli qo‘llar mehr ulashmoqda” shiori ostida tadbir tashkil etildi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda institutning bir guruh tashabbuskor kursantlari va xodimlari ishtirok etib, o‘quvchilarning ko‘nglini ko‘taruvchi musiqiy chiqishlarini namoyish etdi.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilariga o‘quv qurollari va esdalik sovg‘alar hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan o‘quv qo‘llanmalar tuhfa etildi.
Maktab o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga ko‘tarinki ruh va o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA