Mehrimiz senga, bolajon!
Andijonda ehtiyojmand oilalar farzandlari ishtirokida “Mehrimiz senga, bolajon!” deb nomlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2023 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholi o‘rtasida ezgulik, insoniylik, saxovat, mehr-oqibatlilik fazilatlarini keng targ‘ib etish maqsadida Andijon shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbiriga Andijon shahridagi “Ayollar daftari” ga kiritilgan, ehtiyojmand ayollar va ularning 100 nafar farzandi taklif etildi.
San’atkorlarning sho‘x kuy va qo‘shiqlari onalar va bolalarga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
[gallery-13265]
Tadbir doirasida “Ona” jamoat fondi bilan hamkorlikda ehtiyojmand oilalarning 100 nafar farzandiga sumka va o‘quv qurollari sovg‘a qilindi, shirinliklar tarqatildi.
– Taqdim etilgan sovg‘a – sumka va o‘n to‘rt nomdagi o‘quv qurollari bolajonlar uchun bayramga munosib tuhfa bo‘ldi, – deydi Andijon shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Dehqonova. – Sovg‘alar ehtiyojmand oilalarga ko‘mak bo‘ldi, qolaversa, ushbu tadbir jamiyatda ehtiyojmandlarga saxovat ko‘rsatishdek xayrli va savobli ishlarning keng quloch yoyishiga xizmat qiladi.
Ko‘rsatilgan e’tibor va ko‘makdan nafaqat bolajonlar, balki ularning onalari ham mamnun bo‘ldi.
– E’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi, – deydi Andijon shahri Sadoqat mahallasida yashovchi Matlubaxon Nishonova. – Farzandim Shukurjon kabi yuz nafar bolajonning quvonganini aytmaysizmi!? Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimiz tinch bo‘lsin. Mana shunday xayrli va savobli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan barcha insonlarga mingdan-ming rahmat deyman.
Andijon shahrida ehtiyojmand oilalar farzandlariga ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan “Mehrimiz senga, bolajon!” deb nomlangan tadbirlar davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA