Mehridaryo ustozlar doim ardoqda
Oʻqituvchilik mashaqqatli, ham sharafli kasb ekani koʻp bora eʼtirof etilgan. Uning mashaqqati ulgʻayib kelayotgan avlodga bilim va tarbiya berish, bilmaganini oʻrgatish boʻlsa, masʼuliyati yosh avlodning kelajagi, taqdiri, ertangi kunda qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan chambarchas bogʻliq.
1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni
Oʻqituvchilik mashaqqatli, ham sharafli kasb ekani koʻp bora eʼtirof etilgan. Uning mashaqqati ulgʻayib kelayotgan avlodga bilim va tarbiya berish, bilmaganini oʻrgatish boʻlsa, masʼuliyati yosh avlodning kelajagi, taqdiri, ertangi kunda qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan chambarchas bogʻliq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida oʻqitish tizimining xalqchilligini taʼminlash, uning tobora ijtimoiylashuviga ahamiyat qaratish, bunda oʻqituvchi va murabbiylar, maʼrifat fidoyilari, olimlar, ota-onalar, ekspertlar, qolaversa, oʻgʻil-qizlarning orzu-istaklari, maqsad-muddaolari inobatga olingan holda keng va atroflicha yondashilmoqda. Soʻnggi uch yil mobaynida taʼlim sohasida qabul qilingan qonun hujjatlari oʻn bir yillik taʼlimga oʻtish, oʻqitish sifatini tubdan yaxshilash, bolalardagi iqtidor qirralarini erta aniqlash, ularni toʻgʻri yoʻnaltirish, taʼlim olish imkoniyatlarini tobora kengaytirish va boshqa jihatlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Bu boradagi ijobiy oʻzgarishlar jarayonida oʻqituvchilar mehnatini eʼzozlash, ularni ortiqcha va keraksiz, faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yumushlarga jalb etmaslik, pedagoglarning kasbiy malaka va mahoratini yanada oshirish, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish yoʻlida amaliy qadamlar qoʻyildi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 14-avgust kuni qabul qilgan “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori taʼlim-tarbiya sohasida qonun buzilishi holatlarining sabab va shart-sharoitlarini oʻrganish, ularni bartaraf etish, joylarda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni oʻrganish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilashni koʻzda tutishi bilan ahamiyatli boʻldi.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini oshirish, bunda maktab direktoridan tortib, kutubxonachi, psixolog, barcha toifadagi oʻqituvchilar mehnatini qadrlashga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Joriy yilning 23-avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlarni tubdan takomillashtirish, maktab taʼlimiga eʼtiborni yanada kuchaytirish, pedagoglarning oʻz kasbiga boʻlgan masʼuliyatini oshirish boʻyicha yangidan-yangi vazifalar belgilandi.
Aslida ham azaldan xalqimizda oʻqituvchi kasbi, uning gʻoyat murakkab mehnati eʼzozlab kelingan. Zero, mustaqillik yillarida mamlakatimizning maktab taʼlimi sohasida faoliyat koʻrsatayotgan pedagoglaridan bir guruhi Vatanimizning oliy mukofoti – Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgani ayni eʼtiborning amaliy ifodasidir. Bu esa yurtimizning barcha oʻqituvchilari oʻz kasbiga sadoqati, fidoyiligi, halol mehnati, izlanishiga berilgan yuksak bahodir.
Jonkuyar pedagog, Oʻzbekiston Qahramoni Mavluda Ismatova koʻp yillar mobaynida poytaxtimiz maktablarida ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, direktor sifatida mehnat qilgan. Opa ellik yildan ziyod pedagoglik faoliyati davomida oʻzini mohir oʻqituvchi, yoshlarning sevimli ustozi, oʻquv-tarbiya jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish, taʼlimni hayot va amaliyot bilan uygʻunlashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida katta salohiyatga ega boʻlgan bilimdon mutaxassis sifatida namoyon eta olgan pedagoglardan biri edi. Ana shunday ezgu fazilatlari bilan mustaqillik yillarida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishga, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshdi.
Yana bir Qahramon pedagog Xiva shahridagi 20-sonli Mehribonlik uyi direktori Vera Pak ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalar bilan til topishishda, ularning ogʻriqlariga malham boʻlishda, hayotiy koʻnikmalarini toʻgʻri shakllantirish, bolalarga ilk davrdan Vatanga muhabbat, fidoyilik, sadoqat tuygʻularini singdirishda tengsiz murabbiy edi.
Mamlakatimizda Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlib, oʻz bilimi, mehnati bilan barchaga oʻrnak pedagoglar yurtimiz maʼrifiy jamoatchiligi faxri sanaladi. Qoʻqonlik matematika oʻqituvchisi Manzuraxon Madaliyeva, jizzaxlik Marat Zokirov, xorazmlik Anor Mahmudova, shahrixonlik Kamoliddin Gʻopirov kabi oʻqituvchilarimizning jonkuyarligi, kasbiga sadoqati, katta ish tajribasi yurtimizning aksariyat oʻqituvchi va murabbiylari uchun ibrat va namunadir.
Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori boʻlib ishlagan Muhabbat Sharapova oʻquvchilarga bilim berishda, izlanishga undashda, bolalarning mehrini qozonishda gʻoyat usta pedagog. Ushbu maktab-internat oʻquvchilari oliy oʻquv yurtiga kirish, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishishda ham yetakchi oʻrinlarda turishi Muhabbat opa kabi kasbini mukammal egallagan pedagoglarning saʼy-harakatlari tufaylidir.
Bugungi kunda yurtimizda yoshlarni yurtga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalayotgan koʻplab oʻqituvchi va murabbiylarimiz, mehridaryo ustozlar “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi“, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi“ kabi unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlanmoqda. Bu esa ustoz va murabbiylarning mehnatiga davlatimiz, jamiyatimiz, xalqimiz bergan yuksak ehtiromining amaliy namunasidir.