Mehr-muruvvat, ezgulik ayyomi
Mamlakatimiz uzra Navro‘z shukuhi kezib yurgan bugungi kunlarda poytaxt ijodkor ziyolilari tomonidan Adiblar xiyoboniga bir qancha manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi. Ko‘chat ekish tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi, adiblar faol ishtirok etdi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning Sergeli tumanida “Yoshlar bog‘i” tashkil etildi, – deydi Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bahorga xos bo‘lgan bog‘ yaratishdek ibratli tadbirda davlatimiz rahbari xiyobonga borib, ko‘chat ekishga bosh bo‘ldi. Buning zamirida odamlarning tabiatga bo‘lgan mehrini oshirish, ekologik muhitni yaxshilashdek ulkan ezgu maqsadlar bor. Bugun biz ham barchamiz birlashib, bog‘imizga manzarali ko‘chatlar ekdik. Kelgusi yilda ular ko‘kka bo‘y cho‘zib, gullab-yashnasa, bundan xursand bo‘lamiz.

Aytish kerakki, Ramazoni sharif hamda go‘zal Navro‘z ayyomi vobastalikda nishonlanayotgan shu kunlarda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan keksalarning, ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalarning, yoshi ulug‘ ijrodkorlarning holidan xabar olish, ularning ko‘nglini ko‘tarish, ma’naviy va moddiy dalda berish, rag‘batlantirishdek ibratli ishlar ham tizimli tarzda olib borilayotgani e’tiborlidir. Ayni paytda ijodkor yoshlar ishtirokida “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz bo‘lsin!” shiori ostida turli adabiy anjumanlar, davra suhbatlari, bahor mushoiralari tashkil etilayotgani diqqatga sazovordir.
N.Usmonova,
O‘zA