Mehnatidan qadr topgan pedagog
Inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan qadr topadi. Yana oramizda shunday insonlar borki, ular o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘ri, mehrini baxshida etadi. Kasbiga bo‘lgan sadoqati, fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat-e’tibor topadi.
Andijon viloyati Pedagogik mahorat markazi Aniq va tabiiy fanlar metodikasi kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari falsafa doktori (PhD) Shoiraxon Ahmedova haqida so‘z ketganda shuurimizga beixtiyor yuqoridagi fikrlar keladi. Pedagoglar malakasi, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida Shoiraxon Ahmedovaning olib borayotgan ibratli faoliyati alohida e’tirofga sazovordir.
Shoiraxon Ahmedova Andijon pedagogika instituti (hozirgi Andijon davlat universiteti)ni tamomlab, shu yerning o‘zida mehnat faoliyatini boshlagan. Keyinchalik boshqa qator ta’lim muassasalarida ishladi. Mana o‘ttiz besh yildirki, u muallimlikning mashaqqatli va sharafli yo‘lini bosib o‘tmoqda.
E’tirof etish kerakki, turli ta’lim muassasalarida samarali mehnat qilgan Sh.Ahmedova faoliyati davomida bilim va malakasini oshirish uchun doimiy izlandi, o‘z ustida tinimsiz ishladi, o‘qidi, o‘rgandi. Juda ko‘p yutuqlarga erishdi.
U ish jarayonida noan’anaviy usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tishga alohida e’tibor qaratdi, uslubiy tavsiyanoma va qo‘llanmalar ishlab chiqdi. Uning informatika fani, zamonaviy axborot texnologiyalaridan dars jarayonlarida keng foydalanish borasidagi ilg‘or ish uslublari pedagoglar orasida keng ommalashtirilgan.
[gallery-20144]
Mehnat faoliyati davomida MDH davlatlari pedagoglari ishtirokida o‘tkazilgan 10 dan ziyod ta’lim forumlarida, shuningdek, turli xalqaro tashkilotlar tomonidan ta’lim yo‘nalishida o‘tkazilgan seminar va anjumanlarda ishtirok etdi. U 1 ta monografiya, 3 ta elektron darslik, 6 ta o‘quv qo‘llanma, 9 ta o‘quv metodik qo‘llanma, 12 ta ilmiy-tavsiyanoma, 28 ta ma’ruza majmualari muallifidir. Shuningdek, respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarning ilmiy to‘plamlarida uning 40 dan ziyod maqola, 60 ga yaqin tezislari chop etilgan.
Shoiraxon Ahmedova tajribali pedagog, ko‘plab xalqaro seminarlar ishtirokchisi sifatida ilg‘or pedagogik texnologiyalar, informatika fanini o‘qitishning ilg‘or uslublari yuzasidan Andijon viloyati Pedagogik mahorat markazida, maktablarda ko‘plab seminar, ochiq va mahorat darslari o‘tib, o‘qituvchilarning bilim, tajriba hamda malakasini oshirishga yaqindan yordam berdi. Uning informatika fanini o‘qitishdagi pedagogik tajribasi keng ommalashdi.
U ayni kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Umumiy pedagogika va psixologiya kafedrasida mustaqil tadqiqotchi sifatida “Informatika o‘qituvchilarining psixologik va ijodiy tafakkurini rivojlantirish” mavzusida doktorlik ishi ustida izlanish, ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda.
Bugungi kunda Shoiraxon Ahmedova o‘zi faoliyat yuritayotgan viloyat pedagogik mahorat markazi dotsenti, doktorlik ishini yoqlash bo‘yicha mustaqil ilmiy tadqiqotchi, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Farg‘ona filiali o‘qituvchisi sifatida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Shoiraxon Ahmedova kasbining yetuk mutaxassisi, mohir va fidoyi o‘qituvchi, shu bilan birga, o‘zining bilimdon va tashkilotchiligi, ilm-fan yangiliklarini darslarga tatbiq etish borasidagi tashabbuskorligi bilan nafaqat o‘z jamoasida, balki viloyat pedagoglari orasida ham hurmat-e’tibor qozongan.
Tajribali pedagog ta’lim sohasidagi samarali mehnatlari, erishgan yutuqlari, izlanishlari uchun ko‘p bor Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, vazirligi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.
Ustozlar murg‘akligimizdanoq qalbimizga ezgulik urug‘larini qadaydi, qo‘limizdan tutib ma’rifat saboqlarini o‘rgatadi, mehr-muhabbat ulashadi. Unutmaylikki, biz hayotda erishayotgan har bir yutuqda ularning munosib hissasi bor.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari