Mehnat yarmarkasi: “Talaba ishga joylashadi”
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi shu shior ostida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax shahar hokimligi, viloyat bandlik, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim boshqarmalari va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor bugun har qachongidan-da yuksak. Ularga sifatli ta’lim berish, hayotini yaxshilash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish bilan bir qatorda ish bilan ta’minlash, daromad topishlari uchun sharoit yaratib berish ham eng muhim vazifalardan biriga aylandi.
Joriy yilning 4 mart kuni Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlanib bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida talaba-yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida mutasaddi vazirlik va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan edi.
Mazkur tadbir davomida institut dizayn yo‘nalishi talabalari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar va musiqiy dastur namoyish etildi.
– O‘tkazilgan so‘rovnomada 7 ming 900 nafardan ortiq talabalarimiz ish bilan ta’minlanib qo‘shimcha daromad topish istagi borligini bildirgandi, – deydi institut yoshlar masalalari bo‘yicha prorektori Sarvar Nazarqosimov. – Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida aynan ana shu so‘rovnomada ishlash istagini bildirgan talaba-yoshlar taklif etilgan. Mazkur mehnat yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, talabalarning bandligini ta’minlash, ularning qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishlari uchun sharoit yaratishdan iboratdir.
[gallery-6336]
“Talaba ishga joylashadi” mehnat yarmarkasida viloyat xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, mehnat va bandlik boshqarmalari, hunarmandlar uyushmasi va boshqa tashkilotalar o‘zlarida mavjud bo‘lgan 160 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
– Mazkur mehnat yarmarkasida ishtirok etib, Yoshlar ishlari agentligi Sharof Rashidov tuman bo‘limida ishlash uchun yo‘llanma oldim, – deydi o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 3-bosqich talabasi Gulhayo G‘ofurova. – Men bundan juda xursandman.
– Pedagogika-psixologiya fakulteti 2-bosqich talabasiman, – deydi Sulton Abdulahatov. – O‘zim tahsil olayotgan Jizzax davlat pedagogika institutining “Media markazi”da ishlash uchun shartnoma imzoladim.
Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi jarayonida brifing ham tashkil etildi.
Unda institutda talaba-yoshlarning ta’lim olishi, yetuk mutaxassis va ilmli kadrlar bo‘lib yetishib chiqishlari, ilmiy, amaliy, jismoniy mashg‘ulotlar o‘tilishi, bo‘sh vaqtlarini ko‘ngildagidek o‘tkazishlari va dam olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ayniqsa, ular bandligini ta’minlash to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
– Ayni paytda institutimizda jami 20 ming nafarga yaqin talba-yoshlar tahsil olmoqda, – deydi institut rektori, professor Shavkat Sharipov. –Ularning 5 ming 745 nafari, shundan 3 ming 553 nafari sirtqi bo‘lim, 2 ming 192 nafari magistraturada tahsil olish bilan bir vaqtda mehnat faoliyati bilan ham shug‘ullanayotgan yoshlardir.
Mehnat yarmarkalarini yil davomida tashkil etish va joriy yilning 1 avgustiga qadar 595 nafar talaba-yoshning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA