Mehnat nizolari ko‘rib chiqildi
Jizzax viloyat sudi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining qo‘llanilishi, amaliyotdagi muammolar va ularning huquqiy yechimi mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi, prokuratura, adliya, soliq, ichki ishlar organlari, maktabgacha va maktab ta’limi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi xodimlari, bank vakillari, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari hamda boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mehnat nizolari bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish o‘tgan yilga nisbatan oshganligi, ushbu toifadagi qonunchilikni qo‘llashda, xodimlarni ishdan bo‘shatish, boshqa ishga o‘tkazish va shunga o‘xshash mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishda muayyan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi slaydlar orqali ishtirokchilarga yetkazildi.
Xususan, 2024 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo va tuman sudlari tomonidan mehnat nizolariga doir jami 703 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan. Shundan, 442 ta da’vo arizalar qanoatlantirilgan, 146 tasi rad etilgan, 94 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va 21 tasi ish yuritishdan tugatilgan.
2024 yil davomida mehnat nizolariga oid ko‘rilgan ishlar yuzasidan xodimlarga undirilgan ish haqi, ma’naviy zarar va boshqa to‘lovlar yuzasidan 20 ta fuqarolik ishi noqonuniy buyruq chiqargan mansabdor shaxslardan regress tartibda zarar undirish haqida ko‘rilib, ushbu fuqarolik ishlari bo‘yicha mansabdor shaxslardan jami 224 million 871 ming 62 so‘m zarar tashkilotlar foydasiga undirish belgilangan.
– Sog‘liqni saqlash vazirligi va unga tegishli tashkilotlarga nisbatan ishga tiklash, ish haqi undirish va boshqa mehnat nizolari bo‘yicha jami 116 ta ishlar ko‘rilgan, – deydi Jizzax viloyat sudining sudyasi Murodbek Zulfiqorov. – Shundan, 87 tasi qanoatlantirilib, 955 million 148 ming 352 so‘m ish haqi, 45 million 411 ming 16 so‘m majburiy progul uchun va 25 million 900 ming so‘m ma’naviy zarar uchun undirish belgilangan.
Tadbirda tegishli tashkilot mas’ullari tomonidan mehnat munosabatlarida xodimga yetkazilgan zararlarni qoplash masalasi hamda mehnat munosabatlarida kasaba uyushmasi ishtiroki haqida so‘z yuritildi.
[gallery-21886]
Konferensiyada barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, mehnat nizolarining oldini olish yuzasidan ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.
Tadbir yakunida qonunchilikni qo‘llashda kelib chiqayotgan ayrim tushunmovchiliklarga doir savollarga sudyalar tomonidan batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA