Mehnat – farovonlik kaliti
FOTOREPORTAJ
“Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroyli”, – degan naql bor xalqimizda. – Ushbu maqol azaldan mehnatga bo‘lgan hurmatni, har qanday yutuqning zamirida fidokorona harakat yotishini ifodalaydi. Zero, mehnat orzu va maqsad sari yo‘l ochuvchi oltin kalitdir.
Bugungi qahramonimiz ana shu kalitni dastlab xorijda izlagan. Ammo hayot charxpalagi uni ona yurti bag‘riga, o‘z mahallasiga qaytardi. U asl boylik insonning o‘z bilim va salohiyatidan to‘g‘ri foydalanishi ekanligini amalda isbotladi. Yosh tadbirkor Bahriddin Tursunpo‘latov bugun mahalladoshlari uchun ham ilhom manbaiga aylangan.
[gallery-24140]
– Temirsozlik sohasi bo‘yicha xorijda 5 yil faoliyat yuritdim, - deydi yosh tadbirkor. – Shu vaqt mobaynida kasb sir-asrorlarini chuqur o‘rgandim. Yurtga qaytgach, tajribamni o‘z mahallamda amaliy qo‘llashga qaror qildim. Buning uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yaratilgani qo‘l keldi. Dastlab 5-6 nafar yigitni yonimga olib, kichik ustaxonada ishni boshladik. Bugunga kelib ishchilar soni 15 nafarga yetdi. Ustaxonamizda hovli va xonadonlar uchun temir eshik, darvoza, karavot kabi mahsulotlar tayyorlab, ulgurji narxlarda ichki bozorga yetkazib berilmoqda.
Ushbu tashabbus birgina tadbirkor oilasiga emas, balki mahalladagi boshqa yigitlarga ham barqaror daromad manbaini yaratdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda xorijga chiqmasdan turib, yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda. Bahriddin kabi fidokor yurt farzandlari bu islohotlarning amaliy natijasini jamiyatda ko‘zga ko‘ringan o‘zgarishlar orqali namoyon etayotir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA