MDH Parlamentlararo Assambleyasi vakillari “Olimpiya shaharchasi” bilan tanishdi
Poytaxtimizda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasining Madaniyat, axborot, turizm va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda ishtirok etgan Rossiya Federatsiyasi federal majlisi davlat dumasi Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Oleg Matitsin hamda Rossiya Federatsiyasi federal majlisi davlat dumasi MDH ishlari, Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Irina Rodnina poytaxtimizda bunyod etilgan “Olimpiya shaharchasi” bilan yaqindan tanishdi.
“Olimpiya shaharchasi”da yaratilgan shart-sharoitlar, sport inshootlari hamda mavjud infratuzilma faoliyatiga yuqori baho berishdi.
Sport vazirligi, O‘zbekiston sport akademiyasi, Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi mutasaddilari, mutaxassislari bilan muloqot davomida sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishidagi loyihalarni muhokama qildi.
Muhokamalar asnosida kelgusi rejalar, hamkorlikda tashkil etiladigan sport musobaqalari va tadbirlari dasturi belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA