May oyida Samarqandga 357 ming nafar sayyoh keldi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobilov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangi turizm yo‘nalishlari va mahsulotlarini taqdim qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– Bugun viloyatimiz uchun turizm asosiy drayverlardan biri sifatida belgilangan, – dedi R.Qobilov. – Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilgan e’tibor, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar turizm rivojiga xizmat qilmoqda. Albatta, pandemiya bu boradagi ishlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, lekin bugun vaziyat barqarorlashib, boshlangan ishlar keng ko‘lamda davom etmoqda. Buning natijasida joriy yilning besh oyi davomida viloyatimizda 14 ta mehmonxona, 28 ta mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Turoperatorlar soni 10 nafarga oshdi. May oyi boshidan buyon viloyatimizga 357 ming nafar, jumladan, 27 ming nafar xorijiy va 330 ming nafar mahalliy sayyohlarning tashrifi kuzatildi. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davriga nisbatan jami sayyohlar soni bo‘yicha 159 foizga ortiqni tashkil etmoqda. Eng muhimi, sayyohlarning hududda qolish kunlari 2,6 kunga, kunlik xarajatlari esa 120 AQSH dollaridan 152 dollarga ko‘paydi.
Matbuot anjumanida viloyatda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, jumladan ekoturizm, etnoturizm yo‘nalishlarida ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Ushbu loyihalar Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Nurobod, Samarqand, Payariq tumanlarida boshlangan. Bu hududlarda beshta turizm qishlog‘i tashkil etilmoqda. Urgutdagi Tersak – turizm qishlog‘ida hozirda 20 dan ortiq mehmon uyi tashkil etilib, sayyohlar qabul qilinmoqda. Nurobod tumanidagi Oqsoy qishlog‘ida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar samara bera boshladi. Ushbu hududdagi Hazrati Dovud ziyoratgohi yaqinida loyiha qiymati 10 million AQSH dollari bo‘lgan dor yo‘li barpo etishga kirishilgan. Viloyatdagi Qoratepa va Kattaqo‘rg‘on suv omborlari hududida ekoturizmni rivojlantirish maqsadida dam olish maskanlari va cho‘milish havzalari tashkil etilmoqda.
Tadbir davomida viloyatda ziyorat turizmni rivojlantirish, sayyohlik ob’ektlarida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoit yaratish, turizm ko‘chalarini ko‘paytirish, xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Turistlarning xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar haqida so‘z yuritilib, yaqinda Samarqand shahrida qozog‘istonlik sayyohlar bilan bo‘lgan voqeaga e’tibor qaratildi.
Rustam Qobilov ichki ishlar xodimlarining harakati amaldagi tartib-qoidalarga xilof ekanligini ta’kidlab,ushbu masala viloyat rahbariyati va ichki ishlar vazirligi tomonidan batafsil o‘rganilayotganligi, yakunda xatoga yo‘l qo‘ygan xodimlar, mas’ullarga nisbatan chora ko‘rilishini ta’kidladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA