May oyida “O‘zenergoinspeksiya” 70,6 milliard so‘mlik noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etdi
Inspeksiya axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning may oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 203 ta holat aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, qonunbuzarliklar natijasida 31,8 million kilovatt-soat elektr energiyasi hamda 6,3 million metr kub tabiiy gaz noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holatlar oqibatida jami 70,6 milliard so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Shundan 31,8 million kilovatt-soat elektr energiyasi bo‘yicha zarar miqdori 51,1 milliard so‘mni, 6,3 million metr kub tabiiy gaz bo‘yicha esa 19,5 milliard so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, nazorat tadbirlari jarayonida energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar ham aniqlanib, ular yuzasidan 507 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan.
Mutasaddilar qayd etganidek, ayni paytda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish va sohada qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha nazorat ishlari izchil davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA