Maxsus iqtisodiy zonalarda qanday muammolar bor?
So‘nggi yillarda mamlakatimizda maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish, ularni rivojlantirish, shuningdek, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish borasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonunda ular faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga imtiyoz va preferensiyalar berilishi belgilab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 apreldagi tegishli qarori bilan esa 2021‒2022 yillarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash tadbirlari parametrlari hamda 2021 yilda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning manzilli ro‘yxatlari tasdiqlangan.
Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash tadbirlari uchun 1 500 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘larning ob’ektlar kesimida manzilli dasturi tasdiqlangan bo‘lsada, lekin joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, ajratilgan mablag‘larning 540,5 milliard so‘mi o‘zlashtirilgan, xolos.
Shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududgazta’minot» AJ, «O‘zsuvta’minot» AJ hamda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan maxsus iqtisodiy zonalardagi ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tender savdolari yakunlanmagani sababli ajratilgan mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilmay qolgan.
Shu bilan birga, maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 320 milliard so‘m mablag‘ ajratilganiga qaramay, ushbu mablag‘ o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagan.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.Qo‘chqorovga «Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirishning hozirgi holati va ulardagi mavjud muammolarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida»gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA