Mavsumga hozirlik jamoatchilik nazoratida
Jizzax viloyatida Prezidentimizning joriy yil 7-iyuldagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilmoqda.
Jizzax viloyatida Prezidentimizning joriy yil 7-iyuldagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilmoqda.Jizzax shahrining Ittifoq mahallasidagi 19-umumta’lim maktabi qishga tayyorgarligini ko‘rib chiqqan jamoatchilik komissiyasi a’zolari rejalashtirilgan barcha yumushlar bajarilganiga ishonch hosil qildi. Maktabning isitish tarmog‘iga umumiy qiymati 2,6 million so‘mlik ikkita yangi isitish qozoni o‘rnatilib, sinfxonalar, o‘quv-laboratoriya xonalari, oshxona, qo‘shimcha xonalar sifatli ta’mirdan chiqarilgan.
Komissiya a’zolari muassasada qishda issiqlik me’yorda bo‘lishi uchun rejalashtirilgan ishlar to‘liq bajarilganini qayd etib, o‘z xulosalari aks ettirilgan bayonnomani imzoladi.
Bu yil qishga tayyorgarlik ishlarini nazorat qilishga jamoatchilik komissiyasi jalb etilayotgani barcha yumushlar sifatli va o‘z vaqtida bajarilishida muhim omil bo‘lmoqda. Shahardagi ijtimoiy muassasalar, ko‘p qavatli uylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi hududlardagi jamoatchilik vakillari ishtirokida tuzilgan komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilayotir. Xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar bo‘limlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati vakillaridan tuzilgan jamoatchilik komissiyalari Jizzax shahri va barcha tumanlarda faoliyat olib bormoqda. Komissiya a’zolari inshootni qishga tayyor, deb bayonnoma tuzganidan so‘ng tegishli davlat boshqaruvi organlari komissiyasi “Qabul dalolatnomasi”ni imzolamoqda.
Jamoatchilik komissiyasi muassasalarning tayyorgarligi to‘g‘risida xulosa berish bilan cheklanmasdan, qish mavsumi oldidan bajarilishi rejalashtirilgan ishlarni sifatli amalga oshirishda tegishli davlat idoralari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jamoatchilar amalga oshirilishi zarur yumushlar, material, mablag‘ ta’minotidagi uzilishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar yozilgan maxsus daftarni yuqori idoralar, nazorat organlariga yubormoqda, ijrochilar e’tibori uchun muassasa, ko‘p qavatli uylar kiraverishiga osib qo‘ymoqda.
Komissiya xulosasiga ko‘ra, shahar hokimligi tomonidan 2015-2016-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, bittadan umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab-internat, Mehribonlik uyi kapital ta’mirlandi. Bitta maktab va ikkita maktabgacha ta’lim muassasasida joriy ta’mirlash ishlari to‘liq bajarildi.
– Jamoatchilik komissiyasi ijtimoiy muassasalarning qishga tayyorgarligini ko‘rib chiqib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy ishlar bajarilganini qayd etish bilan birga, ulgurilmagan yumushlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham ko‘rsatib berayotir, – deydi qishga tayyorgarlik bo‘yicha shahar jamoatchilik komissiyasi raisi Nazira Muxtorova. – Komissiya tashabbusi bilan shaharning Zargarlik va Ittifoq mahallarida ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy muassasalarni qishgi mavsumga tayyorlash tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Ayni paytda shahar xalq ta’limi tizimidagi barcha muassasalarda komissiya tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Tumanlarda tuzilgan jamoatchilik komissiyalariga tegishli tashkilot, muassasa va korxona rahbarlari yaqindan ko‘maklashmoqda. Bu hamkorlik xalq ta’limi muassasalarini mavsumga tayyorlash ishlarida yaxshi samara berayotir.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlar rejasi ijrosi shahar va tuman jamoatchilik komissiyalari tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda. Rejaga muvofiq, 8 umumta’lim maktabi, 6 maktabgacha ta’lim muassasasida kapital va joriy ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida bajarildi. Derazalarning 421 kvadrat metr oynasi almashtirildi.
Kuz-qish mavsumida muammolar yuzaga kelmasligi muassasalarning isitish manbalari barqaror ishlashi va yoqilg‘i ta’minoti yetarli bo‘lishi tumanlarda tuzilgan jamoat komissiyalarining doimiy e’tiborida turibdi. Ushbu komissiyalar hamkorligida tabiiy gaz bilan ta’minlangan va markaziy issitish tizimlariga ulangan muassasalarda mavsum bilan bog‘liq barcha zarur yumushlar har qachongidan ancha barvaqt bajarildi. Yangiobod, Zomin, Forish, Baxmal va G‘allaorol tumanlarining tog‘ qishloqlaridagi tabiiy gaz yetib bormagan maktablariga rejadagi ko‘mir to‘liq yetkazib berildi va yoqilg‘ining saqlanishi, undan tejamkorlik bilan foydalanish ham ushbu komissiya tomonidan nazorat qilib borilmoqda.