Mavsumda elektr ta’minotida muammolar bo‘lmaydi
Xalqimizga kafolatlangan sifatli va uzluksiz elektr energiyasini yetkazib berish, tarmoqni modernizatsiya qilish kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Namangan viloyatidagi 614 mingdan ortiq aholi xonadonlari va 31 mingdan ziyod ulgurji iste’molchilar 35-110 kV kuchlanishli 210 ta podstansiya, 7 ming 397 ta transformator punkti hamda 22 000,5 km uzunlikdagi 0,4-110 kVli uzatish tarmoqlari orqali elektr energiyasi bilan ta’minlab kelinmoqda.
– Kuz-qish mavsumida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har qachongidan ko‘ra puxta tayyorgarlik ko‘rildi, buning uchun davlat dasturlari hamda jamiyatimiz mablag‘lari hisobidan yetarli resurslar ajratildi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan filiali direktori Adhamjon Qoraboyev. – Ayniqsa, sovuq yoki yog‘ingarchilik kunlarida yuklanish bilan ishlashi kutilayotgan 37 ta transformator katta quvvatlisiga almashtirilib, 366 mVA qo‘shimcha quvvat zaxirasi yaratildi.
Xitoy Xalq Respublikasining “Tvea” kompaniyasida ishlab chiqarilgan katta quvvatli sakkizta transformator olib kelindi. Bu jihozlar Kosonsoy tumanidagi “Koson”, Chortoq tumanidagi “Chortoq”, Davlatobod tumanidagi “Olmazor” va Chust tumanidagi “Iftixor” podstansiyalariga o‘rnatib, ishga tushirildi. Buning natijasida, 30 ta podstansiyada 37 ta transformator yuklamasiz ishlashiga erishildi.
Prezidentimizning joriy yil 17 iyuldagi “2024 yilda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori ijrosi doirasida eskirgan tayanchlar o‘rniga 7 ming 286 ta temir-beton tayanch o‘rnatildi. Umumiy uzunligi 381,4 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 49 ta transformator punkti ishga tushirildi.
Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Namangan viloyatida tashkil etilgan 72 ta kichik sanoat zonasidagi 33 ta ob’ektda tadbirkorlik sub’ektlarini tashqi elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, Chust tumanidagi “Sabzazor”, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” hamda Yangi Namangan tumanidagi “Taraqqiyot” kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlarini bunga misol qilib keltirish mumkin.
Ta’kidlash joizki, Namangan viloyatida o‘tgan 2023 yil davomida jami 5 milliard 2 million kVt.soat, shu jumladan, aholi xonadonlariga 1 milliard 9 million va ulgurji iste’molchilariga 3 milliard 2 million kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilib, ushbu ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori jami 2 trillion 324 milliard 400 million so‘mni tashkil qildi.
Mamlakatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, Namangan viloyatida jami 3 ming 270 ta tashkilot kesimida 49 ming 668 kVt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozirga qadar mazkur reja asosida 4 mingdan ortiq muassasa va korxonada 26 ming 980,0 kVt quvvatdagi panellar o‘rnatilib, ishga tushirildi. Buning natijasi o‘laroq bir oylik 4 398,9 ming kVt. soat yoki 2 918,3 million so‘m, yillik 52 786,8 ming kVt. soat yoki 35 019,2 million so‘mlik elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishildi.
Viloyatda sifatli va muntazam elektr energiyasini yetkazib berishga qaratilgan chora-tadbirlar kelgusi 2025 yilda ham davom ettiriladi. Jumladan, 2 508,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida va 832 ta transformator punktida mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi. Viloyatdagi 138 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida 520,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 172 ta transformator punkti yangi qurilib, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bajariladi.
Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, Pop tumanining “Mirishkor” massivida quriladigan ikkita ko‘p qavatli uylardagi 40 xonadon uchun 0,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va bir dona transformator punkti, Chust tumanining “Gulzor” massivida quriladigan 11 ta ko‘p qavatli uylardagi 220 xonadon uchun 1,65 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va ikki dona transformator punkti o‘rnatiladi.
Umuman olganda, iste’molchilarga 5 milliard 500 trillion kVt.soat, shundan aholi xonadonlariga 2 milliard va ulgurji iste’molchilarga 3,5 milliard kVt.soat elektr energiyasini yetkazib berish rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA