Matolarda aks etgan san’at
Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qatnaydigan zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdi yo‘lga tushdi. Hamrohlarim 50-60 yoshlardagi ayollar ekanidan xursand bo‘ldim. Yo‘ldoshlaring bilan gap-gapga qovushsa, yo‘lning uzoqligi ham bilinmaydi-da.
Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qatnaydigan zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdi yo‘lga tushdi. Hamrohlarim 50-60 yoshlardagi ayollar ekanidan xursand bo‘ldim. Yo‘ldoshlaring bilan gap-gapga qovushsa, yo‘lning uzoqligi ham bilinmaydi-da.– Bolaligimda kashtachilik faqat Urgutda, o‘zimizning G‘o‘s qishlog‘ida bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim, – deydi hamrohlarimdan biri Mavluda Hamdamova. – Keyinchalik bilsam, ushbu milliy hunarmandlik san’ati yurtimizning barcha hududlarida keng tarqalgan bo‘lib, uning turi shu qadar ko‘p ekanki, bir-biridan nafis, betakror. Hunarmandlik, ayniqsa, kashta tikishni bilish qiz ko‘rki, uning mehnatkash, sabrli, uquvli bo‘lib ulg‘ayishida katta ahamiyatga ega. Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimiz, xususan, hunarmandlikni tiklash va har bir hududning o‘ziga xos an’analarini asragan holda uni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor hunarmand xotin-qizlarga ham keng imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni, Birinchi Prezidentimizning 2010-yil 30-martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Uch mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan G‘o‘s qishlog‘ida qiz bolaning kashta tikishni bilmasligi andisha hisoblanadi, – deydi suhbatga qo‘shilgan Oypari Muxtorova. – Har bir oilada kashtachilik sirlarini yaxshi biladigan onaxonlar bo‘lsa-da, ko‘pchilik qizini Mavluda singlimiz tashkil etgan to‘garakka olib borishga harakat qiladi. Negaki, Mavludaxon bir necha nufuzli ko‘rgazma va tanlovlarda ishtirok etgan, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo va Farg‘ona kabi mashhur kashtachilik maktablari tajribasini puxta o‘rgangan. Uning to‘garagidan 30 dan ortiq mohir kashtachi yetishib chiqqan. Bugun ularning ko‘pchiligi o‘z oilaviy tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, ushbu san’at turini targ‘ib qilish bilan birga, tumanimiz ravnaqiga ham hissa qo‘shmoqda.
Mavluda Hamdamova mamlakatimizda yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanib, bundan ikki yil avval o‘z oilaviy korxonasini tashkil qildi, bir necha xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minladi. Opaning ko‘pchilik tadbirkorlardan farqli tomoni, to‘garakka kelayotgan yoshlardan hech bo‘lmasa bitta xorijiy tilni bilish, zamonaviy tadbirkorlik, ayniqsa, turizm sohasidagi talab va takliflarni tahlil qila olishni talab qiladi. O‘zi tikayotgan kashtaga zamonaviy ruh berishga, ularda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini aks ettirishga harakat qiladi.
Kashta tikishning ham ma’lum bosqichlari, murakkabliklari bo‘ladi. Shu jihatni inobatga olgan oilaviy korxona rahbari endi ish boshlagan qizlarga avvaliga sodda, ixcham ishlarni topshiradi.
– Yurtimizda ham, xorijda ham g‘o‘slik ayollar tikkan kashtalarga qiziquvchilar, buyurtma beruvchilar ko‘payib bormoqda, – deydi opa. – Dasturxon, belbog‘, bolinpo‘sh, oynaxalta, choyxalta, manglay-qosh va boshqa buyumlarga naqsh solar ekanmiz, tasvirlarda milliyligimizni, boy tariximizni, ezgulik, tinchlik, do‘stlik, muhabbat, yangilanish mavzularini aks ettirishga harakat qilamiz. Mehr bilan qilingan ishning sifati yaxshi, xaridori ko‘p bo‘ladi. Tadbirkorlik ortidan yiliga 30-40 million so‘m daromad qilamiz. Xalqimiz topganini nimaga sarflashini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Yaratganga shukr, ro‘zg‘orimiz but, farzandlarning bari uyli-joyli. Nabiralar biri maktabda, boshqasi kolleju institutlarda tahsil olmoqda. Bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, davlatimiz tomonidan aholi farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar samarasidir.
Hunarmandlarning san’at asarlarini tomosha qilar ekanman, beixtiyor turfa naqshli kashtalarga ko‘milib o‘tirgan momom ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. O‘gitlari quloqlarim ostida yana jaranglaganday bo‘ladi: "Kashtadagi har bir belgiga e’tibor qil, puchug‘im: mana bu humo qushi – baxtni, bodom – salomatlikni, toshbaqa uzoq umrni bildiradi. Ha, bularmi?.. Qalampir – yomon ko‘zdan asrasin degani, anor – serfarzand-serdavlatlilik belgisi..."
Zamonaviy tezyurar poyezd Zarafshon daryosidan o‘tib, Samarqand shahriga kiradi. Vagondagi vaqt ko‘rsatkichiga qarayman – 2 soatu 12 daqiqada manzilga yetibmiz.
– Mana shu "Afrosiyob"ni ham kashtaga tushirsangizlar bo‘lar ekan, – deyman beixtiyor xayolimga kelgan fikrdan o‘zim ham xursand bo‘lib.
– Albatta, o‘zimiz ham shuning harakatidamiz. Yakunlanishiga oz qoldi. Urgut tomonlarga yo‘lingiz tushsa kiring, ko‘rasiz, – deydi Mavluda opa mamnuniyat bilan.
Men borishga va’da qildim...