“Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi yo‘lga qo‘yildi
Sirdaryo viloyatida yosh oilalarni hayotga puxta, axloqiy va psixologik tayyorlash, oilaviy munosabatlarni barqarorlashtirish maqsadida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha doirasida Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan 2025-yil davomida yoshlar uchun 45-marta seminar va trening, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida 23 ta tarbiyaviy mashg‘ulot, mehnat jamoalarida 43 marotaba ma’ruzalar va treninglar hamda mahallalarda 140 ta seminar-treninglar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda nafaqat yoshlar, balki ota-onalar, pedagoglar va mahalla faollari ham faol ishtirok etishdi.

Seminar va mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga oilaviy munosabatlar, mas’uliyatli ota-onalik prinsiplari va oiladagi turli muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan tarbiyaviy mashg‘ulotlar davomida bolalarning oilaviy muhitda sog‘lom ruhda tarbiyalanishi, ota-onalar bilan samarali muloqot qilish mexanizmlari va tarbiya usullari ochiqlandi.

Ushbu tadbirlarda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla uyushmasi hamda Din ishlari bo‘yicha viloyat bo‘limidan jami 50 nafar ekspert ishtirok etdi.

– O‘tkazilgan seminar, trening va mashg‘ulotlar davomida har bir ishtirokchiga loyihaning mazmun-mohiyati, ijtimoiy ahamiyati va oilaviy munosabatlardagi muammolarni hal etish strategiyalari tajribali ekspertlarimiz tomonidan batafsil tushuntirildi. Ishtirokchilarning savollari muhokama qilindi va amaliyotda uchraydigan holatlar misolida muhokamalar olib borildi, – deydi Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari va Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva.
Muhimi, Sirdaryoda yo‘lga qo‘yilgan mazkur loyiha nafaqat yoshlarni, balki ularning ota-onalarini ham faolligini rag‘batlantirib, har bir oilaning sog‘lom va mas’uliyatli tarbiyalanishiga xizmat qiladi. Bu tashabbus esa ekspertlar va mutaxassislar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri