Masofadan ishlash sizga maʼqulmi?
Xodimning ish joyida emas, balki boshqa joyda, yaʼni masofadan turib ishlashi qonunlarimizda mavjud boʻlmagani uchun ham bu masala boʻyicha hech qachon fikr almashilmagan.
Xodimning ish joyida emas, balki boshqa joyda, yaʼni masofadan turib ishlashi qonunlarimizda mavjud boʻlmagani uchun ham bu masala boʻyicha hech qachon fikr almashilmagan.
Ammo amalda ish faoliyati kompyuter bilan bevosita bogʻliq boʻlgan kasblar, yaʼni ishi yozish-chizishdan iborat boʻlgan, qilingan ish natijasini elektron vositalar orqali uzatish imkoniga ega boʻlganlar bu usuldan foydalanib kelgan.
Buning ijobiy tomonlari koʻp, albatta. Birinchidan, xodim oʻz yashash joyida ortiqcha sarf-xarajatlarsiz ish faoliyatini olib boradi. Ikkinchidan, ikki tomonning ham vaqti tejaladi, uni toʻgʻri taqsimlash imkoniyati paydo boʻladi, qolaversa xodim oʻz ustida ishlashi, kitob mutoala qilishi, sevimli sport mashgʻuloti bilan shugʻullanishi mumkin. Uchinchidan, xodim oʻz oilasi bagʻrida koʻproq vaqt oʻtkazadi, bu esa, hech shubhasiz, er-xotin, ota-ona va farzandlarning oʻzaro munosabatlari yaxshilanishiga sabab boʻladi.
Shu bilan birga, xodim oʻz uyida ish faoliyatini olib borar ekan, bu u ishlaydigan idoradagi sarf-xarajatlarning iqtisod qilinishiga ham olib keladi. Elektr energiyasi, xodim oʻtiradigan xona uchun ijara toʻlovi va boshqa kommunatsiya xarajatlari oʻz-oʻzidan qisqaradi.
Shuning uchun boʻlsa kerakki, dunyoga mashhur Tvitter kompaniyasi shu kunlarda oʻz xodimlarining bir umr uyda ishlashiga ruxsat berdi. Buning sababi oddiy: pandemiya tufayli xodimlar oʻz uylarida ishlay boshlagan, ish esa yana-da samaraliroq boʻlgan. Qolaversa, xodimlarning ofislarga kelmagani ham moddiy resurslar iqtisod qilinishiga zamin yaratgani shubhasiz.
Oʻzbekiston sharoitida masofaviy ish usulining yaxshi tomonlari bilan bir qatorda ayrim noqulay jihatlari yoʻq emas. Bu aloqa sifatining hamma joyda ham talabga javob bermasligi, internet tariflarining qimmatligi bilan bogʻliq.
Qolaversa, faqat uyda ishlash xodimlarda jamoa ichida oʻzini tutish va muloqot etikasi keskin kamayib ketishiga olib kelishi mumkin. Masofaviy ishlash, ayniqsa, yosh kadrlar uchun qiyinchilik tugʻdirishi turgan gap. Tashkilotda ular tajribali xodimlardan bevosita oʻrganishi mumkin boʻlgan jihatlarni oʻrgana olmaydi. Bu esa ularning yetuk xodim boʻlib shakllanishi, tajriba orttirishini maʼlum maʼnoda cheklaydi.
Demak, masofaviy ishlashning yaxshi tomonlari koʻp, yomon jihati ham bor. Lekin hozirgidek kutilmagan pandemiya sharoiti boʻlib qolganda bunday ishlash uslubi zaruratga aylanishini amalda koʻrdik.
Koronavirus bilan bogʻliq pandemiya ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish hajmining keskin qisqarishiga olib keldi. Shu bilan bir qatorda davlat organlari va mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barcha tashkilotlar oʻz xodimlarini masofaviy ish usuliga, moslashuvchan ish jadvaliga yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartiblarini joriy etishga majbur boʻldi.
Karantin sharoitida xodimlar va ish beruvchilar huquq va majburiyatlari, ish beruvchilarning bunday sharoitda ishni olib borishining huquqiy-tashkiliy jihatlari esa Mehnat kodeksida tartibga solinmagan edi.
Mehnat qonunchiligidagi bu boʻshliq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisida”gi nizom bilan toʻldirildi. Mazkur nizom Adliya vazirligidan 2020-yil 28-martda roʻyxatdan oʻtkazildi.
Shuni alohida qayd etishimiz joizki, Yevropa ittifoqi davlatlarida hamda AQSH, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlar mehnat qonunchiligi allaqachon masofaviy ish usuli mexanizmini mustahkamlab qoʻygan. Bunda mehnatga oid nizolar yoki mehnat shartlarini qoʻllash yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklar Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiyalari va mehnat qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Masofadan ishlash usuli Rossiyada 2013-yildan beri mavjud.
Koʻrinib turibdiki, masofaviy ishlash tartibi va usuli yangilik emas. Lekin bizda bu jarayonning qonuniy asoslari yaratilishi zarur. Ayni paytda muhokamada turgan yangi Mehnat kodeksini takomillashtirishda bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish kerak. Ayniqsa, pandemiya sharoitida xodim va ish beruvchining huquqiy statusini belgilashni chuqurroq tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Demak, qonun ijodkorlari oldida masofadan turib ishlash mexanizmining huquqiy tomonlarini ishlab chiqishdek masʼuliyat turibdi. Bu jarayonda xorijiy tajribani qiyosiy-huquqiy tahlil qilgan holda takliflar ishlab chiqilsa, qonunchilik yana-da mukammal boʻlar edi.
L.Rahimqulova, M.Rahimov,
TDYUU Mehnat huquqi
kafedrasi oʻqituvchilari.