Ma’ruzalarda ko‘tarilgan ekologik masalalar qo‘mitaga katta mas’uliyat yuklaydi
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari tomonidan Prezidentimizning Qonunchilik palatasidagi ma’ruzalaridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar belgilab olinmoqda. Xususan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan ayni masalaga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari M.Xo‘jayeva ishtirok etdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari ma’ruzalarida ko‘tarilgan ekologik masalalar, atmosfera havosini muhofaza qilish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish va O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT rezolyutsiyalari mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Bugungi kunda ekologiya masalasi butun dunyoda eng dolzarb muammoga aylanib bormoqda, – dedi qo‘mita raisi X.G‘afforov. – Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bu masalaga alohida e’tibor qaratib, Qonunchilik palatasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bu esa iqlim o‘zgarishlari va “yashil” iqtisodiyot masalalari bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan yuksak minbarlarda ilgari surilayotgan tashabbuslar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

Deputatlar bugun fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish har doimgidan ham muhim ekanligini qayd etib, davlatimiz rahbarining bu borada har bir qo‘mita qoshida ularning vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzish haqidagi taklifi alohida ahamiyatga egaligini qayd etdi. Bu qabul qilinayotgan hujjatlarda, qarorlarda, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik fikri hisobga olinib, ularning talab va istaklari asosida xalqchil qonunlar qabul qilinishiga zamin bo‘lishi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2025 yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingani mas’ul qo‘mita a’zolari oldiga muhim vazifalarni qo‘yishi ta’kidlandi. Qayd etildiki, atrof-muhitni muhofaza qilish, yer, suv, yer osti boyliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosidan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga doir qator qonun hujjatlari va dasturlarning qabul qilinishi mamlakatimiz ekologik barqarorligini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘mita a’zolari davlatimiz rahbarining ma’ruzalarida belgilangan yo‘nalishlardan kelib chiqib, qo‘mita tomonidan ustuvor vazifalarni o‘z ichiga olgan reja loyihasini atroflicha muhokama qildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA