Markaziy Osiyoda yagona
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan “Avtotraktorradiator” Oʻzbekiston – Rossiya qoʻshma korxonasi oʻz faoliyat turiga koʻra Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan “Avtotraktorradiator” Oʻzbekiston – Rossiya qoʻshma korxonasi oʻz faoliyat turiga koʻra Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.Bu yerda yurtimizda, MDH mamlakatlari va qator xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan yuk avtomobillari, avtobuslar, statsionar agregatlar, qishloq xoʻjaligi va maxsus texnikalarning sovutish-isitish tizimida qoʻllaniladigan har xil turdagi radiatorlar, issiqlik almashtiruvchi uskunalar, toʻliq sovutish va isitish tizimlari ishlab chiqariladi.
Faoliyatini qishloq xoʻjalik texnikalarining motorni sovitish radiatorlarini taʼmirlashdan boshlagan korxonaga investitsiya hisobidan Rossiyadan radiator sovutish trubkasini yasash uskunasi (liniyasi) olib kelindi. Yurtimizning turli hududlaridagi zavodlardan 10 dan ortiq metallni qayta ishlash asbob-uskunasi va shtamplari keltirib, ishga tushirildi. Mahalliylashtirish dasturi asosida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlaridan soʻng buyurtmachilar uchun zamonaviy radiatorlar ishlab chiqarish hajmi va turi koʻpaydi.
Korxonada mahsulot ishlab chiqarishda mahalliy mahsulotlardan keng foydalanilmoqda. Xususan, radiator tayyorlash uchun ishlatiladigan asosiy xomashyo – turli qalinlikdagi latun tasmalari Bekobod rangli metallar kombinatidan keltirilayotir. Bu radiatorlarning koʻpgina tarkibiy qismlari, sovutish plastinalari va trubkalar ishlab chiqarishda qoʻl kelmoqda. Eng muhimi, bu radiatorlar kafolat muddatini 2 yilga uzaytirdi.
– Ayni paytda bu yerda 400 dan ortiq turdagi radiatorlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi korxona rahbari R.Qodirov. – Bunda rossiyalik hamkorlarimizning ham xizmati katta. Muhandis texnik xodimlar va ishchilar Rossiya Federatsiyasiga borib tajriba almashib kelmoqda. Ular tomonidan yetkazib berilgan laboratoriya stendi yordamida barcha turdagi radiatorlarning issiqlik almashish koʻrsatkichlarini aniqlash mumkin. Bu esa talabga qarab har qanday turdagi radiatorni tayyorlash imkonini berayotir.
Korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar sifati xorijnikidan aslo qolishmaydi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot butlovchi qismlari qimmatbaho latun lentalaridan boʻlgani bois chidamlilik darajasi yuqori. Bunday radiatorlarning yaroqlilik muddati esa 5-6 yil. Chiqarilayotgan har bir mahsulot toʻliq tekshiruvdan oʻtkaziladi. Hozirgi vaqtda neft-gaz tizimida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar, agroservislar va ularning taʼminot bazalari, transxizmat uyushmalari, ogʻir yuk avtomobillari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodlar, yoʻl qurilish tashkilotlari, fermer xoʻjaliklari va koʻplab kichik biznes subyektlari hamda yirik sanoat korxonalari qoʻshma korxonaning doimiy buyurtmachilari hisoblanadi.
Qashqadaryo viloyatida rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlik aloqalari yil sayin kengaymoqda.
Qarshi shahar hokimligi delegatsiyasi joriy yilda Moskva, Samara va Tolyatti shaharlarida xizmat safari bilan boʻldi. Tolyatti shahridagi transformator ishlab chiqaruvchi “Tolyattinskiy Transformator” MCHJ va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “SlaSti” MCHJ korxonalari bilan hamkorlikda Qarshi shahrida qoʻshma korxonalar tashkil etish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi. Hamkorlik natijasi oʻlaroq, viloyatda bir qator qoʻshma korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.