Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi va yashil taraqqiyot qanday ta’minlanadi?
Qozog‘istonning Oqtov shahrida “Markaziy Osiyoning yashil kelajagi: o‘rmonlar, ekotizimlar va suv xavfsizligi” mavzusida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Hududlar rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan tadbirda suv xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish, ekotizimlarni muhofaza qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov ishtirok etib, mamlakatda suv resurslarini samarali boshqarish, sohani raqamlashtirish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston suv xo‘jaligi tizimi 70 dan ortiq suv ombori, qariyb 180 ming kilometr sug‘orish tarmoqlari, 1700 ga yaqin nasos stansiyasi va 10 mingdan ziyod gidrotexnika inshootlarini qamrab olgan. Ularni samarali boshqarish maqsadida “Raqamli suv xo‘jaligi” milliy ekotizimi joriy etilgan.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar 2,6 million gektardan ortiq, ya’ni mamlakat sug‘oriladigan maydonlarining qariyb 60 foizida tatbiq etilgan. So‘nggi yillarda 20 ming kilometrdan ziyod sug‘orish kanallari betonlashtirilgani suv yo‘qotishlarini kamaytirish va sug‘orish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Panel sessiyasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida suv xo‘jaligini raqamlashtirish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, gidrotexnika inshootlarini avtomatlashtirish, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash va barqaror taraqqiyotga erishishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA