Markaziy Osiyo va Kavkaz bog‘liqligini mustahkamlaydigan tashrif
O‘zbekiston va Ozarbayjon madaniyat, til va din umumiyligiga asoslangan azaliy do‘st-birodar. Tarixdan ma’lum, Buyuk Ipak yo‘li har ikki davlat hududidan o‘tgan, Bokudagi Buxoro karvonsaroyi yagona tarixiy-madaniy meros hisoblanadi.
Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat 1995 yil 2 oktyabrda o‘rnatilgan, 1996 yil avgust oyidan Ozarbayjonning Toshkentdagi elchixonasi, 1998 yil iyuldan buyon O‘zbekistonning Bokudagi elchixonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga joriy yil 22-23 avgust kunlari amalga oshirilgan davlat tashrifi qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatning yangi davrini boshlab berdi.
E’tiborlisi, bu davlatimiz rahbarining Prezidentlikka qayta saylangandan keyin xorijga qilgan ilk davlat tashrifi.
Muzokaralarda davlat rahbarlari transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik muhim vazifa, dedi. O‘tgan yil yuklarimizni Boku porti orqali tashish, qariyb, ikki barobar oshdi. O‘zbekiston Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmog‘idan foydalangan holda yuk tashish hajmini yanada oshirish niyatida.
Shu nuqtai nazardan, Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasi tashkil etish, Boku va uchinchi mamlakatlar portlarida ombor infratuzilmasi va logistika markazlari barpo etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama ko‘plab hujjatlar imzolandi.
“Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Davlatlararo Kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitim” eng ahamiyatli va muhim hujjat bo‘ldi. Bu kelishuv hukumatlar darajasidagi munosabatni butunlay yangi darajaga olib chiqish uchun mo‘ljallangan.
Tashrif davomida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida jami 15 ta hujjat qabul qilindi.
Quvonarlisi, fuqarolarning vizasiz sayohati to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimcha va o‘zgarish kiritildi. Elektron ruxsatnoma qog‘ozini elektron shaklda almashishga qaratilgan axborot tizimini joriy etish, madaniy sohada hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Oilalar va bolalarni himoya qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, kiberxavfsizlik sohalarida, shuningdek, Xavfsizlik kengashi kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Ushbu hujjatlar o‘zaro hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz yetakchilari, shuningdek, energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish istiqbolini ham muhokama qildi.
Joriy yil O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida 500 million dollarlik investitsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha ikki tomonlama bitim imzolandi. Bu jamg‘arma iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, yangi qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni ishga tushirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Tomonlar jamg‘arma kapitalini ko‘paytirishga kelishib oldilar. Hozir O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 204 korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 67 tasi qo‘shma korxona, 137 tasi xorijiy korxona. Joriy yil boshidan 22 qo‘shma korxona tashkil etildi.
Madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlash, xususan, Madaniyat va kino kunlarini, ijodiy va ilmiy ziyolilar, yoshlar tashkilotlari uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishildi. Joriy yil O‘zbekistonda ilk bor O‘zbekiston – Ozarbayjon yoshlar forumi tashkil etiladi.
Oliy darajadagi mazkur tashrifning yana bir muhim voqeasi Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomli 2-umumta’lim maktabi ochilishi bo‘ldi.
Ozarbayjon Prezidenti “Bu xorijiy davlatning Qorabog‘ni tiklashdagi birinchi sovg‘asi. Biz birodarlik, hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlash namunasi bo‘lgan ushbu tuhfani yuksak qadrlaymiz. Maktab, haqiqatan, ta’lim-tarbiya saroyi, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Mirzo Ulug‘bek nomiga munosib dargoh, do‘stligimiz, birodarligimizning yana bir markazi bo‘lishiga ishonchim komil.” deya ta’kidladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabat rivojida muhim bosqich bo‘ldi. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, hamkorlik va do‘stona aloqa mustahkamlanishida yangi davr ochdi. Bu butun mintaqa uchun foydali va samarali bo‘lishi shubhasiz.
Uchrashuv davomida erishilgan muhim kelishuvlar nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi, balki Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashrifini Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlari bo‘ylab barqaror transport-kommunikatsiya yo‘nalishlari tizimini shakllantirishga qo‘shilgan ulkan hissa sifatida baholash mumkin.
Mobil Mamedov,
Respublika Ozarbayjon milliy
madaniyat markazi raisi