Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy- tadqiqot markazida “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” nomli ilmiy to‘plam nashrdan chiqdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi nutqi jahon jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. OAV orqali yurtimiz va dunyodagi bir qancha siyosiy institutlar va xalqaro tashkilot vakillari, nufuzli davlat va jamoat arboblari ushbu nutqning global ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan bir qator muhim tashabbuslar qatorida 2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbus alohida muhim ahamiyatga egadir. Darhaqiqat, Markaziy Osiyoning boy va qadimiy tarixi, ulkan sivilizatsiya xazinasi jahon ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotining muhim mayog‘i hisoblanadi. Bu yerda ijod qilgan buyuk allomalar va ularning ilmiy merosi hamda butun jahon sivilizatsiyasidagi yuksak rolini nafaqat mintaqada, balki xalqaro ilmiy tadqiqotlarda qaytadan kashf etish, o‘rganilmagan noyob qo‘lyozmalar, nodir manbalar, Sharq arxiv materiallarini sinchiklab o‘rganish, yoshlarni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida buyuk ajdodlar ilmidan to‘liq boxabar etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Mazkur to‘plamdan o‘rin olgan ilmiy maqolalarda Markaziy Osiyo qadim zamonlardan beri turli xalqlar, madaniyatlar va dinlarning tarixiy uchrashuvlari va ma’naviy o‘zaro boyitish makoni bo‘lib kelgani, o‘zining Buyuk ipak yo‘lidagi markaziy maqomi tufayli bu mintaqa xalqaro savdo, madaniy, ilmiy va intellektual almashuvdagi muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilgani, Markaziy Osiyoning ushbu ulkan tamaddun hissasini jahon madaniyatida va fanda rivojlantirishda O‘zbekistonning ham alohida o‘rni mavjud ekanligi tadqiq etilgan.
Shuningdek, to‘plamdan o‘rin olgan ilmiy maqolalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi nutqida ilgari surgan 2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirishga, Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan madaniy-tarixiy merosni tiklash va ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb etishga imkoniyat yaratish bilan bir qatorda, YUNESKO va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi madaniy diplomatiya taraqqiyotiga ham xizmat qilishi keng yoritib berilgan.
Ma’muraxon Alisherxo‘jayeva,
Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti huzuridagi
Sharq madaniyati va merosini
tadqiq etish ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi.