Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) va "yashil" texnikumlarda o‘qish amaliyot bilan uzviy bog‘liq olib boriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) va "yashil" texnikumlarda o‘qishning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi ta’minlanadi. Bunda:
a) "yashil" texnikumlarning o‘quvchilari uchun Ekologiya qo‘mitasi va Fanlar akademiyasining tizimiga kiruvchi tashkilotlarda o‘rmon xo‘jaliklari, gidrometeorologiya stansiyalari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindi poligonlari, botanika va dendrologiya bog‘lari, hayvonot bog‘lari, Botanika va Zoologiya institutlarining amaliyot uchastkalari tashkil etiladi;
b) Universitetning to‘rt yillik ta’lim dasturi asosida o‘quv jarayonlarida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushi:
birinchi bosqichda - 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy;
ikkinchi bosqichda - 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
uchinchi bosqichda - 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy;
to‘rtinchi bosqichda - 20 foiz nazariy va 80 foiz amaliy bo‘lishi nazarda tutiladi;
v) "yashil" texnikumlar uchun ikki yillik ta’lim dasturi asosida o‘quv jarayonlarida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushi:
birinchi bosqichda - 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
ikkinchi bosqichda - 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy;
g) hududlar kesimida tashkil etiladigan botanika va dendrologiya bog‘lariga tegishliligi bo‘yicha "yashil" texnikumlar biriktiriladi.
Qaror bilan:
a) Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) va uning tizimidagi ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi;
b) Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) joriy etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati tasdiqlandi.
Universitetga uning tarkibidagi ta’lim hamda ilmiy tashkilotlar tuzilmalariga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan dunyoning nufuzli "Quacquarelli Symonds" (QS), "Times Higher Education" (THE) va "Shanxay reyting" (ARWU) reytinglarida top-300 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari diplomiga ega bo‘lgan va Universitet o‘quv jarayoniga to‘liq stavkada jalb qilingan o‘qituvchilarga 200 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida Universitet uchun davlat granti bo‘yicha 100 ta, lekin umumiy qabul kvotasining 50 foizidan oshmagan miqdorda qabul kvotalarini ajratib boradi.
2026-yil 1-maydan boshlab:
a) "10 ming qadam piyoda" tajribasi qayta tiklanadi hamda "Sog‘lom turmush tarzi" platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
b) "Sog‘lom turmush tarzi" platformasi uchun har yili Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m ajratiladi.
2026-yil 1-maydan boshlab tabiatni muhofaza qilish sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan yoshlar hamda ekoa’lochi maktab o‘quvchilarini rag‘batlantirish maqsadida quyidagi darajalarda "Yosh ekolog" ko‘krak nishoni ta’sis etiladi:
a) maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali "Yosh ekolog";
b) texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida II darajali "Yosh ekolog";
v) xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida I darajali "Yosh ekolog".
O‘zA