Markaziy bank so‘rovi: Asosiy stavka pasayishi kutilmoqda
Markaziy bank tomonidan 2026-yilning fevral oyida o‘tkazilgan so‘rovda moliya sohasi bo‘yicha jami 41 nafar ekspert ishtirok etdi. Ulardan 71 foizini tijorat banklari, 22 foizi mikromoliya tashkilotlari va 7 foizini boshqa moliya tashkilotlari vakillari tashkil etdi. So‘rov joriy yil va yaqin kelajakdagi iqtisodiy tendensiyalar bo‘yicha muhim prognozlarni ochib berdi.
Kelgusi 12 oy uchun inflyatsiya 7,7 foiz darajasida baholangan. Kelgusi 3 yil uchun inflyatsiya kutilmalari 5,6 foizni tashkil qiladi. 46 foiz ekspertlar 2027–2028-yillarda inflyatsiyaning 5 foiz maqsadga erishishini kutmoqda. 73 foiz ekspertlar navbatdagi yig‘ilishdan so‘ng asosiy stavka o‘zgarishsiz qolishini prognoz qiladi.
Kelgusi 12 oyda asosiy stavkaning bosqichma-bosqich 13,2 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Real YAIM o‘sishi joriy yilda 6,3 foiz, kelgusi yilda esa 6,4 foiz darajasida baholanmoqda.
Nominal ish haqi o‘sishi joriy yilda 13,6 foiz, kelgusi yilda esa 12,9 foiz bo‘lishi prognoz qilinadi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, ushbu prognozlar moliya bozori va iqtisodiy siyosatni shakllantirishda muhim yo‘nalishlarni belgilab beradi. Xususan inflyatsiya va asosiy stavkaning kelajakdagi harakati, ish haqi va YAIM o‘sish sur’atlari bo‘yicha belgilab beradi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA