Markaziy bank may oyida 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘lladi
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil may oyi davomida bank va kredit tashkilotlari faoliyatiga oid 8 marotaba yig‘ilish o‘tkazib, jami 36 ta masalani ko‘rib chiqdi.
Ko‘rib chiqilgan masalalarning asosiy qismi — 26 ta — ro‘yxatga olish va ruxsat berish jarayonlariga tegishli bo‘ldi.
Bu doirada kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mikromoliya va faktoring tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, auditorlik malaka sertifikatlarini berish hamda to‘lov tashkiloti litsenziyasini vaqtincha to‘xtatish kabi masalalar muhokama qilindi.
Bu holat moliya bozoriga kirish va faoliyat yuritish talablari tobora qat’iylashayotganini anglatadi.
Yig‘ilish kun tartibida 14 ta masala tijorat banklarining kuzatuv kengashi va boshqaruv organlari tarkibi, shuningdek, muhim lavozimlarga nomzodlar ko‘rib chiqildi. Bu Markaziy bankning bank tizimida korporativ boshqaruv sifati va rahbar kadrlar mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan siyosatini aks ettiradi. Qo‘mita yig‘ilishlarida 10 ta masala kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holati bilan bog‘liq holatlarni tahlil qilishga qaratildi. Bunda likvidlilik, kapital yetarliligi, prudensial me’yorlarga rioya etish hamda inspeksiya tekshiruvlari natijalari muhokama qilindi.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlarni “regulatory sandbox” — “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu mexanizm yangi moliyaviy mahsulotlarni cheklangan muhitda sinab ko‘rish va muvaffaqiyatli natijalardan so‘ng keng bozorga joriy etish imkonini beradi.
Inspeksiya tekshiruvlari davomida qonunchilik talablariga to‘liq rioya etmagan 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Markaziy bank ushbu tashkilotlar nomini oshkor etmagan.
Bir so‘z bilan aytganda, may oyi yakunlari Markaziy bankning moliya tizimida muvozanatli, ammo qat’iy nazorat siyosatini olib borayotganini ko‘rsatadi. Bir tomondan bozor ishtirokchilari faoliyatini kengaytirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor bo‘lsa, ikkinchi tomondan qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bu esa O‘zbekiston bank-moliya tizimining barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA