Markaziy bank 10,3 million so‘mdan yuqori pul o‘tkazmalari ustidan nazoratni kuchaytirishni taklif qildi
O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarida pul o‘tkazmalari bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yangi talablarni joriy etishni taklif qildi.
Mazkur o‘zgartishlar jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, 25 bazaviy hisoblash miqdoridan (10,3 mln. so‘m) yuqori bo‘lgan pul o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumotlar yanada batafsil taqdim etilishi talab etiladi. Yangi qoidalar xalqaro FATF tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlariga tatbiq etiladi.
Taklif etilayotgan tartibga muvofiq, pul o‘tkazmalari jo‘natuvchidan qabul qiluvchigacha to‘liq kuzatib boriladi. Operatsiyani kuzatish uchun hisob raqami yoki maxsus identifikator ko‘rsatilishi shart bo‘ladi.
Jismoniy shaxslar uchun yashash manzili va tug‘ilgan sanasi, yuridik shaxslar uchun esa STIR (INN) ma’lumotlari taqdim etiladi. Qabul qiluvchi haqidagi ma’lumotlar kengaytirilib, uning joylashuvi — shahar yoki mamlakat ko‘rsatiladi.
Shuningdek, banklar ichki pul o‘tkazmalarida jo‘natuvchi va qabul qiluvchi haqidagi ma’lumotlarni, jumladan jismoniy shaxsning PINFL raqamini ham taqdim etishi lozim bo‘ladi.
25 BHMdan kam bo‘lgan o‘tkazmalar uchun soddalashtirilgan talablar saqlanib qoladi. Bunda jo‘natuvchi va qabul qiluvchi nomi hamda operatsiya identifikatorini ko‘rsatish yetarli hisoblanadi.
Qo‘shimcha ravishda, karta orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarda karta raqamining to‘liq kuzatilishi ta’minlanadi.
Naqd pul yechish operatsiyalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar shakllantiriladi.
Xalqaro naqd pul yechish holatlarida banklar mijoz haqidagi ma’lumotlarni 3 ish kuni ichida taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Mazkur takliflar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 4-aprelga qadar davom etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA