“Ma’rifat ulashib” loyihasi Buxoroda
Buxoro davlat texnika universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi asosidagi uchrashuvda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatr jamoasi o‘zlarining badiiy chiqishlari bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar qalbiga quvonch va ilhom ulashdi.
Sahna asarlari va musiqiy chiqishlar nafaqat tomoshabinlarni hayratga soldi, balki ularni ma’naviy boylik va san’at olamiga yetakladi. Ushbu uchrashuv yoshlarning ijodiy tafakkurini kengaytirish, estetik didini shakllantirish va san’atga mehrini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.

Tadbir davomida universitet rektori Sadoqat Siddiqova mehmonlarni samimiy kutib olib, ular tomonidan yoshlarga ulashilayotgan ma’naviy boylik va san’at asarlari uchun o‘z minnatdorligini bildirdi.

– Avvalo,bugungi tadbir yoshlarning qalbida ijodga mehr uyg‘otdi, san’atning tarbiyaviy kuchini chuqur his etishga yordam berdi. Muqimiy nomidagi musiqali teatr jamoasining chiqishlari juda samimiy, ta’sirchan va o‘ziga xos bo‘ldi. Bu loyiha nafaqat bilim, balki ruhiy boylik ham ulashmoqda. Yoshlarimiz ilm bilan bir qatorda, milliy san’at, madaniyat va ma’naviyat bilan chambarchas bog‘lanib ulg‘ayishlari zarur. Chunki har bir bilimli insonning qalbida mustahkam ma’naviy poydevor ham bo‘lishi kerak. “Ma’rifat ulashib” loyihasi ana shu yuksak maqsadlarga xizmat qilayotganini bugun yana bir bor ko‘rdik. Biz san’atkorlar, ijod ahli va ma’rifat targ‘ibotchilari bilan doimiy hamkorlik qilishni niyat qilganmiz. Chunki yoshlarimizning intellektual va ma’naviy salohiyatni yuksaltirishda bunday uchrashuvlar katta ahamiyatga ega. Kelgusida ham bu kabi tadbirlarni ko‘proq tashkil qilishni rejalashtirganmiz, – deydi Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova.

– Ijodiy uchrashuv juda ajoyib bo‘ldi, – deydi Buxoro davlat texnika universiteti talabasi Akbar Azamatjonov. – Mashhur san’atkorlarni sahnada yaqindan ko‘rish, ularning chiqishlarini tinglash biz uchun katta ilhom beradi. Avvalo, san’at inson qalbini boyitadi. Biz faqat darslarda emas, mana shunday uchrashuvlarda ham o‘zimizni ruhiy jihatdan o‘stiramiz. Bu esa ijodkorlik va yangi g‘oyalar uchun katta turtki beradi. Bu loyiha yoshlar uchun juda zarur.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.