«Ma’rifat karvoni» Denovdagi maktabga bordi
Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Akmal Jumaboyev «Ma’rifat karvoni» loyihasi doirasida Surxondaryo viloyati, Denov tumanining chekka hududida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabiga 1000 dona badiiy kitob topshirdi.
Maktab jamoasi – o‘qituvchi va o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy suhbat qurdi. Sardorlarning jamiyat ijtimoiy hayotidagi o‘rniga alohida urg‘u berib, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.

82 yoshli Xosiyat Qorayeva rahbarlik qilib kelayotgan ushbu ta’lim muassasasi tumandagi namunali maktablardan biridir.
– Biz yillar davomida bolalarimiz yaxshi ta’lim olishi uchun kurashdik, deydi H.Qorayeva. – Qariyb 60 yildan buyon ta’lim tizimida ishlayman. Sohaga hukumatning bu qadar e’tiborini ko‘rmagandim. Bugun maktabimizga poytaxtlik mehmonlarning tashrifi, ayniqsa, “Ma’rifat karvoni”ning kelishi o‘quvchilarimizni benihoyat xursand qildi. Bugungidek uchrashuvlar yoshlarning ta’lim-tarbiya olishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA