Mardlik va donishmandlik timsoli
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida Sohibqiron bobomiz Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, anjumanlar, ijodiy muloqotlar o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlar biz kimlarning avlodi ekanimizni, tariximiz, mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini yanada teranroq anglashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori buyuk sarkarda faoliyatini kengroq o‘rganishda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
9-aprel – Amir Temur tavallud topgan kun munosabati bilan “Biz kim, mulki Turon!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning milliy pochta operatori – "UzPost" aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilarga buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning boy ma’naviy merosi, davlatchilik an’analari va tarixiy ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jaloliddin Yusupov taklif etildi. Olim o‘z ma’ruzasida Amir Temurning milliy davlatchilikni shakllantirish, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, bunyodkorlik ishlari, shuningdek, harbiy-siyosiy faoliyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, ma’ruza davomida Amir Temurga xos bo‘lgan vatanparvarlik, xalqparvarlik, mardlik va jasorat kabi yuksak insoniy fazilatlar alohida ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar bu kabi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarning ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
***
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Sohibqiron, buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Menkim, sohibqiron - Amir Temur" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda tarixchilar, adiblar, Milliy gvardiya harbiylari ishtirok etdi.
Tadbir davomida jahongir Amir Temur hayoti, faoliyati xususida so‘z yuritildi. Amir Temurning mamlakat va jahon tarixida tutgan o‘rni, hayoti va davlat boshqaruvi faoliyati, har qanday mushkul vaziyatdan chiqib keta olish zakovati, mardligi, jasorati, vatanparvarligi, topqirligi, temir irodasi yosh avlod uchun ibrat, hayot maktabi va Vatanga sadoqat namunasiga aylangani e’tirof etildi.
Amir Temur iste’dodli insonlarga ehtirom ko‘rsatib, ko‘magini ayamadi, nufuzli olimu fuzalolar bilan maslahatlashgan holda ilm-fan, shaharsozlik, dehqonchilik va bog‘dorchilik, hunarmandchilik va boshqa sohalarni qayta tiklashga bosh bo‘ldi, jamoat binolari, masjid, madrasalar va turli inshootlar qurdirdi.
“Temur tuzuklari” asari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Mazkur asar davlatchilik, soliq, harb ilmi va umuman jahongir bobomizning hayotiy prinsip va qarashlarini o‘zida ifoda etgani bilan ahamiyatli.
Tadbir doirasida buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda bunyodkor, yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi - Amir Temur hayotini o‘rganishga doir badiiy, ilmiy, biografik va publitsistik adabiyotlar o‘rin olgan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri